“Yosh strateglar maktabi” V Xalqaro anjumani bo‘lib o‘tdi
2026-04-17 19:00:00 / Yangiliklar

Forumda M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining “Iqtisodiy va moliyaviy strategiyalar” kafedrasi professor-o‘qituvchilari ishtirok etdi. Delegatsiyaga universitet akademigi, taniqli olim, iqtisod fanlari doktori, professor, Rossiya Fanlar akademiyasining xorijiy a’zosi Vladimir Lvovich Kvint rahbarlik qildi.
Tadbir doirasida tantanali ochilish marosimi, nufuzli mehmonlarning chiqishlari, ishtirokchi maktablar taqdimotlari hamda strategik fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan intellektual loyihalar tashkil etildi. Shuningdek, pedagoglar uchun maxsus seminarlar, madaniy dasturlar, ekskursiyalar va ko‘ngilochar tadbirlar tashkil qilindi.
Professor V. Kvintning ta’kidlashicha, mazkur loyiha bundan o‘n yil avval Sankt-Peterburg shahrida yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda bir nechta davlatlardagi o‘nlab ta’lim muassasalarini birlashtirgan yirik xalqaro loyihaga aylangan. Loyihaning asosiy maqsadi — strategik fikrlaydigan, inson kapitali va hayot sifatini ustuvor deb biladigan yangi avlod yetakchilarini shakllantirishdan iborat.
Ayni paytda O‘zbekistonda ushbu tashabbus qo‘llab-quvvatlanib, Toshkent, Nurafshon va Navoiy shaharlarida ixtisoslashtirilgan maktablar hamda oliy ta’lim muassasalarida strategiya yo‘nalishlari joriy etilmoqda. Shu bilan birga, o‘quvchilar uchun maxsus “Strategiya” darsligini yaratish ustida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Mazkur anjuman yoshlarning bilim va tajribasini boyitish, ularning strategik fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim platforma bo‘lib xizmat qildi.




