Markaziy Osiyoda sirkulyar iqtisodiyot bo‘yicha mintaqaviy forum o‘tkazilmoqda
2026-04-09 19:55:00 / Yangiliklar

Mazkur tadbir SWITCH-Asia dasturi doirasida Markaziy Osiyo mintaqaviy ekologik markazi hamda O‘zbekiston Respublikasi hukumati hamkorligida tashkil etildi. Unda Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari, davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy institutlar hamda biznes vakillari ishtirok etmoqda.
Forumda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktor o‘rinbosari Shuxrat Xaydar “O‘zbekistonda aylanma iqtisodiyotni rivojlantirish” mavzusida ma’ruza qildi. Shuningdek, mamlakatimizda chiqindilarni boshqarish va resurslardan samarali foydalanishga qaratilgan tizimli islohotlar amalga oshirilayotganligi borasida alohida to'xtalib o'tdi.
“Asosiy maqsad — an’anaviy ishlab chiqarish–foydalanish–yo‘q qilish modelidan voz kechib, resurslardan samarali foydalanishga asoslangan va ularni iqtisodiyotga bosqichma-bosqich qayta jalb etuvchi tizimni shakllantirishdan iborat”, — deya ta’kidladi Shuxrat Xaydar.
Forumning birinchi kunida chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish, sirkulyar iqtisodiyot tamoyillarini joriy etish, investitsiyalarni jalb qilish hamda hududiy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, panel muhokamalar, tajriba almashinuvi va amaliy tashriflar tashkil etildi.
Ma'lumot uchun: bugungi kunda O‘zbekistonda har yili qariyb 15 mln tonna chiqindi hosil bo‘ladi va chiqindilarni iqtisodiy resursga aylantirish dolzarb vazifalardan biridir. Bu yo‘nalishda yangi qonunchilik bazasi yaratilmoqda, investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda hamda zamonaviy infratuzilma shakllantirilmoqda. Sirkulyar iqtisodiyot nafaqat ekologik barqarorlikni ta’minlaydi, balki iqtisodiy o‘sish, investitsiya jozibadorligi va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishning muhim omili hisoblanadi. O‘zbekiston ushbu yo‘nalishda Markaziy Osiyoda faol tashabbuskor sifatida barqaror rivojlanishga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.





