Agentlikda navbatdagi “Siyosiy-ma’rifat soati” o‘tkazildi
2026-03-27 16:10:00 / Yangiliklar

Unda televideniye va radio bo‘yicha taniqli tashqi siyosiy sharhlovchi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, Turon Fanlar akademiyasi va UNESCO xalqaro tashkiloti akademigi Qobilbek Karimbekov ma’ruza qildi.
“Siyosiy-ma’rifat soati”dan ko‘zlangan maqsad ham xodimlarning siyosiy savodxonligini oshirish, ularning huquqiy bilimlarini mustahkamlash, davlatimizda va dunyoda kechayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini chuqur anglashlariga ko‘maklashishdan iboratdir.
Uchrashuvda kun tartibidagi Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan davlat tashrifi bilan Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning mamlakatimizda bo‘lib turgani hamda uchrashuv ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va o‘zaro hurmat rishtalarini mustahkamlashda yana bir muhim qadam ekani alohida qayd etildi.
Bundan tashqari, so‘nggi to‘qqiz yil davomida davlatimiz rahbari tomonidan dunyo mamlakatlariga qilingan tashriflar va yurtimizga tashrif buyurgan yuksak martabali mehmonlar bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda erishilgan har tomonlama istiqbolli kelishuvlarga ham alohida sharh berildi.
Qolaversa, yaqin kunlarda ishga tushurilgan O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazining 2026-yilning dunyodagi eng go‘zal muzeylari ro‘yxatiga kiritilganligi hamda kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega Samarqand viloyati Payariq tumanidagi qaytadan bunyod etilgan Imom al-Buxoriy majmuasi Yangi O‘zbekistonning durdonasi bo‘lib qadrostlagani haqida batafsil izoh berildi.
Xalqaro maydonda ro‘y bergan eng muhim ijtimoiy-siyosiy jarayonlar keng yoritilib, so‘nggi kunlarda qabul qilingan qarorlar, ularning mazmun-mohiyati, dolzarbligi va ahamiyati chuqur ochib berildi.
Jarayonda ishtirokchilar tomonidan fikr almashilib, dolzarb masalalar muhokama qilindi. Xodimlarning siyosiy tafakkurini kengaytirishga qaratilgan mulohazalar bildirildi.
Ta'kidlash joizki, bu kabi ochiq muloqotlar xodimlarning siyosiy faolligini oshirish, ularni jamiyatda kechayotgan islohotlarga befarq bo‘lmaslik ruhida tarbiyalash barobarida jamoada yuksak fuqarolik mas’uliyati vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.






