Qashqadaryo: OAV vakillari chiqindilarni boshqarish sohasidagi islohotlar bilan tanishtirildi
2026-02-27 18:40:00 / Yangiliklar

Press-tur doirasida qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi oladigan zavodning qurilish jarayonlari bilan tanishildi. Qashqadaryo viloyati Qarshi tumani “Paxtakor” MFY Yangibog‘ qishlog‘i hududida joylashgan 8 gektar yer maydonida chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqariladigan zavodning qurilish jarayonlari qizgʻin olib borilmoqda.
Qashqadaryo viloyatidagi loyihada Xitoyning “Shanghai SUS Environment” kompaniyasi tomonidan umumiy qiymati 150 mln AQSH dollari miqdorida to’g’ridan to’g’ri investitsiya jalb etilgan. Korxona kuniga 1,5 ming tonna hamda yiliga 547 ming tonna chiqindilarni qayta ishlash imkoniyatiga ega boʻlib, yiliga jami 240 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻladi. Unda 150 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Loyiha 2027-yilda ishga tushurilishi rejalashtirilgan.
Qolaversa, elektr energiyasini sotib olish va qattiq maishiy chiqindilarni yetkazib berish toʻgʻrisidagi bitimlarga muvofiq kompaniya ishlab chiqargan elektr energiyasini 30-yil davomida “Oʻzenergosotish” AJga kafolatlangan tarzda sotadi.
Ma’lumot o‘rnida: Ushbu chora-tadbirlar davlatimiz rahbarining qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish investitsiya loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan PQ-118-son qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.
Ta’kidlash joizki, mazkur tashabbuslar “yashil iqtisodiyot” tamoyillariga mos kelib, Oʻzbekistonning ekologik barqarorligini taʼminlashga hamda kelajak avlod uchun toza va sogʻlom muhit yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Shuningdek, OAV vakillari Qarshi shahri “Gungon” MFYdagi “Qashqadaryo Eko trans” MCHJ sanitar tozalash korxonasi misolida hududlardan chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatining GPS tizimi orqali onlayn nazorat yo‘lga qo‘yilgani bilan tanishtirildi.
Xususan, viloyatda mavjud 776 ta mahallaning 729 tasi ya’ni 94 foizi, jumladan jami 2,6 mln nafar aholi sanitar tozalash xizmati bilan qamrab olingan boʻlib, chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatini ko‘rsatish darajasi 45,7 foizni tashkil etadi. Viloyatda abonentlarga 13 ta sanitar tozalash operatorlari tomonidan xizmat ko‘rsatiladi.
Birgina Qarshi shahriga xizmat koʻrsatadigan “Qashqadryo eko trans” MChJ sanitar korxonasi misolida olib qarasak, 59 ta MFYdagi 234457 nafarga yaqin aholi xizmat bilan qamrab olingan. Jarayonda 49 ta chiqindi tashuvchi maxsus texnika jalb etilgan boʻlib, ularning hammasi GPS tizimiga ulangan.
Eslatib oʻtamiz: Viloyat boʻyicha chiqindilarni tashuvchi hamda boshqa maxsus texnikalar jami 335 tani tashkil etadi. Bugungi kunda ushbu texnikalarning 332 tasiga ya’ni 99 foiziga GPS qurilmasi o’rnatilgan hamda hududlar 3438 ta geohududlarga ajratilgan holda xizmat sifati to‘liq nazoratga olingan.
Shuningdek, hududda sanitar tozalash korxonalarining texnik bazasini yangilanish maqsadida agentlik tomonidan 2025-yilda 42 ta hamda 2026-yilning hozirigacha 5 ta yangi zamonaviy texnikalar topshirilgan.
Qizg‘in borgan jarayonlarda jurnalist va mustaqil blogerlar har ikkala mavzu bo‘yicha tashabbuskor investor hamda soha mas’ullaridan o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javoblar olishdi. Yakunda, Agentlik tomonidan joriy etilgan yangi tartibga ko‘ra abonentlarda onlayn nazorat hamda faqatgina ko‘rsatilgan xizmatlar uchun operatorlarga haq to‘lash tartibi yo‘lga qo‘yilgani sohada aholini rozi qilish, xizmat sifatini yaxshilash va shaffoflikni ta’minlash borasida muhim qadam bo‘lgani alohida ta’kidlandi








