Sayyor qabul: Respublika ishchi guruhi Qashqadaryoda chiqindi xizmatlariga oid murojaatlarni o‘rgandi
2026-02-27 14:20:00 / Yangiliklar

Bugun, 27-fevral kuni Agentlik direktorining o‘rinbosari Shuxrat Xaydar va qator soha mas’ullari boshchiligidagi respublika ishchi guruhi tomonidan Qashqadaryo viloyatining Qamashi tumani, “O‘zbekiston” MFY, O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan Musiqa maktabi binosida navbatdagi sayyor qabul tashkil etildi.
Qabul davomida viloyatning turli hududlaridan tashrif buyurgan fuqarolar mutasaddilarga chiqindilarni boshqarish sohasiga doir murojaatlari, taklif va shikoyatlarini bildirdilar. Ular tomonidan asosan sanitar tozalash xizmati sifati, debitor qarzdorliklar monitoringi, chiqindi yig‘ish punkti tashkil etish, qurilish chiqindilarining olib ketilish tartibi, qayta hisob-kitob va qamrov holati bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi.
Mazkur uchrashuvda 80 nafarga yaqin fuqaroning murojaatlari qabul qilinib, ularning har biri alohida tartibda o‘rganildi. Xususan, 30 dan ortiq masalalar joyida hal etilgan bo‘lsa, batafsil o‘rganish talab etadigan murojaatlar esa tegishli boshqarmalar va tizim tashkilotlariga yo‘naltirilib, ularning ijrosi qat’iy nazoratga olindi. Ayrim fuqarolar tomonidan soha xodimlariga tashakkurnoma bildirildi.
Maʼlumot o‘rnida: bu kabi chora-tadbirlar “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi 445-son O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda “Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi Namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi 341-son Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori ijrosi yuzasidan olib borilmoqda.
Tadbirning ikkinchi qismida mas’ullar viloyatning Qamashi tumanidagi chiqindi poligonida bo‘lib, unda ichki va tashqi yo‘llarni shag‘allashtirish, kuzatuv kamerasi va tarozilarni o‘rnatib infratuzilmani yaxshilash, chiqindilarni zichlash va rekultivatsiya jarayonlarining rejali borishini joyida o‘rgandi.
Qaloversa, ishchi guruh tumandagi “Oqguzar” MFYda joylashgan “Qamay qorasuv ekos” MChJda chiqindilarni qayta ishlash zavodida ham bo‘lib, tadbirkorlik subyektining mavjud imkoniyatlari va faoliyatni kengaytirishda qo‘shimcha qulayliklar yaratish haqida fikr almashishdi.
Shuningdek, Qarshi tumani “Angor” mahallasi hududida xitoylik investorlar tomonidan barpo etilayotgan chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi olish zavodi loyohasining olib borilayotgan qurilish ishlari joyida ko‘zdan kechirildi.
Unda mehnat muhofazasi, xavfsizlik choralarining to‘g‘ri tashkil etilishi o‘rganildi. Tashabbuskor kompaniya vakillari bilan suhbat olib borilib, mavsumiy choralarda xavfsizlik kafolati hamda ishchilar uchun yaratilgan qulay mehnat sharoiti alohida qayd etildi.









