Tozalik posbonining bir kuni: “Musorchi emas, tozalovchi deb qarashlarini xohlayman”
2026-02-26 13:15:00 / Yangiliklar
— “Men Toshkent viloyati Bo‘ka tumanidanman. Toshkent shahriga 2016-yilda ko‘chib kelganmiz. Bu yerda ishlashimdan oldin obodonchilikda ishlaganman. Muhtaram Prezidentimiz uy berganidan keyin, 2020-yildan beri, mana shu yerda ishlayman. Uyimiz borligiga ming shukur, issiq. Uyimiz yaxshi.
Ertalab uyg‘onganimizdan keyin axlat mashinasi keladi. Ertalab soat oltidan yettigacha, kechki tomon ham oltidan yettigacha axlatlarni yig‘ib, jo‘natib yuboramiz. Taglarini yuvib... qishu-yozin, masalan, issiq, sovuq kunlarda ham qiyinchilik sezmaganman. Tozalikka rioya qilsam, tozalikka hissa qo‘shsam, aholi ham tozalikka rioya qiladi. Kim kelsa ham bag‘ri dili ochilib ketadi. Uyalmayman, faxrlanaman ishimdan.
Ba’zilar kelib: “Sen musorchisan”, deb haqorat qilib ketgan kunlar bo‘lgan. Yana ba’zilar keladi: “Baraka toping, ozoda ekan, toza ekan”, deb rahmat aytib ketadi. Farzandlarim boshida uyalishdi. “Oyi, nima qilasiz bu ishda, ishlamang, bo‘shang”, deb gapirishdi. O‘g‘lim maktabda o‘qib yurgan paytlarida: “Seni onang musorchi”, deyishgan, yig‘lab kelgan kunlari ham bo‘lgan bolamning.
O‘g‘limga aytganman: “Bolam, gapirsa gapiraversin. Bu halol mehnat, buning savobi katta. Hozir or qilishmaydi bolalarim. To‘rtinchi sinfda o‘qiyotgan qizcham kelib, mana bu yerlarni supurib-sidirib, suv sepib ketadi. Yoki o‘g‘lim keladi, kelinim keladi. Uyimning yarim kreditini to‘ladim. Kelin oldim, to‘y qildim. Olti yil davomida shu ishlarni qildim. Stajimiz ham ketadi, oyligimiz vaqtida.
To‘g‘ri, ayol kishiman, charchashim mumkin. Ba’zi paytlarda jahlim ham chiqadi. Domning tagini supurayotgan paytimizda ustimizga bir chelak mag‘zava to‘kishgan kunlari ham bo‘lgan. Birovning mehnatini qadrlashni bilish kerak. Ba’zi birlarning muomalasi ayrim holatda jon-jonimdan o‘tib ketgan kunlar bo‘lgan menda. “Nonni bunaqa tashlamang yoki, masalan, yerga qo‘ymang”, desangiz urishib ham ketgan kunlari bo‘lgan. Lekin shunga iltimos qilaman aholimizga ham: bir qadam bo‘lsa ham, masalan, yerga tashlab ketmasdan, bizga o‘xshagan ishchilarning qadriga yetsin. Chiqindisini erinmasdan olib kelib tashlasin.
Musorchi emas, tozalovchi deb qarashlarini xohlayman. Chiqindidan saralab olishning o‘zi bo‘lmaydi. Lekin shunday bo‘lsa ham, kasbimni yaxshi ko‘rganim uchun ishlayman. Axlatni saralab olib kelishsa, ishim ancha yengillashadi. Bir xillari, masalan, nonni ham tashlab ketgan kunlari ham bo‘lgan. Nonning, mana, qo‘yiladigan o‘z joyi turibdi. Shu yerga alohida qo‘yib ketsa, kimning chorvasi bo‘lsa, tovuq-qo‘ylari bo‘lsa, kelib olib ketishadi.
Kasbimni yaxshi ko‘raman. Bolalarim shunga qarab bir-biriga mehrli. Kichkina qizim ham, masalan, ko‘chada yursa ham, ko‘chada axlat tashlamaydi. Nima yegan taqdirda ham, axlatini uyda axlat chelagiga solib qo‘yadi. Qadrimni bolalarim tushunadi. Oson ishning o‘zi yo‘q, hamma ish qiyin. Lekin bu ishim yoqadi menga. Yoqqani uchun, masalan, qiyinchilikni sezmayman.
Eng katta orzum — chaqirsa, Xudoning uyida mehmon bo‘lish.”
Ming afsuski, ko‘cha-ko‘yda duch kelgan joyga chiqindi tashlab ketaveramiz, ammo bu xatti-harakatimiz atrof-muhitning ifloslanishiga sabab bo‘lishini, kimlardir shu chiqindilarni har qanday ob-havoda tozalashi haqida o‘ylab ham ko‘rmaymiz. Shunday ekan, yurtdoshlarimizni chiqindilarni belgilangan joylarga tashlashga, atrof-muhitni ifloslantirmaslikka, shu sohada xizmat qilayotgan Nargiza Qulmatova kabi insonlarning mehnatini qadrlashga chaqiramiz
