Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ma’naviy me’rosi yod olindi
2026-02-11 11:30:00 / Yangiliklar

Tadbirda filologiya fanlari doktori, professor Nurboy Jabborov “Buyuk mutafakkirlar merosi va globallashuv muammolari” nomli taqdimoti bilan qatnashdi. U o‘z ma’ruzasida ikki buyuk siymoning hayoti va ijodidan misollar keltirib, ajdodlarimizning falsafiy g‘azallari bugun ham juda dolzarb va hayotiy ekanligi, ularda insonparvarlik tuyg‘ulari keng tarannum etilganligiga alohida urg‘u berdi.
Anjumanda “Alisher Navoiy va Zahiriddin Bobur ijodida tabiat mavzusi” nomli taqdimoti bilan qatnashgan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir, “Do‘stlik” ordeni sohibi Shuhrat Oripov Alisher Navoiy va Bobur ijodida tabiat mavzusining talqini turlicha bo‘lganligi, xususan Navoiyda tabiat ramziy va falsafiy mazmunda bo‘lib, inson ichki dunyosiga xizmat qilsa, Boburda tabiat real va mushohadaga asoslangan holda tasvirlanganligi bilan ajralib turishiga e’tibor qaratdi.
Shundan so‘ng, madaniy va lirik chiqishlar bilan qizg‘in davom etgan tadbirga “Navoiy dahosi barhayot” nomli dastur ostida Alisher Navoiy g‘azallari bilan aytiluvchi kuy-qo‘shiqlar alohida fayz bag‘ishladi.
Bir so‘z bilan aytganda, Alisher Navoiy hamda Zahiriddin Muhammad Bobur oʻrta asr sharq madaniyati, adabiyoti va sheʼriyatida oʻziga xos oʻrin egallagan adib, shoir, olim hamda yirik davlat arboblarining keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan barchamizga birdek azizdir.






