Qoraqalpog‘iston Respublikasida chiqindilarni qayta ishlash zavodi qurilishiga tamal toshi qo‘yildi
2026-02-04 20:00:00 / Yangiliklar

Shu oʻrinda, bugun, 4-fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumanida chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi olishga qaratilgan investitsiya loyihasining tamal toshi qo‘yildi.
Tadbirda investorlar, Jo‘qorg‘i Kengesi va Agentlik mutasaddilari, tegishli vazirlik va idoralar mas‘ullari, jamoatchilik hamda OAV vakillari ishtirok etdi.
Loyiha doirasida xorijiy hamkorlar tomonidan 80 million AQSh dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritilishi rejalashtirilgan bo‘lib, korxona 30 yil davomida faoliyat yuritadi.
Ma‘lumot uchun, loyiha yiliga 274 ming tonna qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash quvvatiga ega bo‘lib, natijada 80 million kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Loyiha to‘liq ishga tushirilgach, hududda 100 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Avvalroq bu kabi loyihalarning Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida ish boshlagani haqida xabar qilgan edik va Xorazm viloyatida amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Ayni tashabbuslar chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish barobarida ekologik barqarorlikni taʼminlash, sirkulyar iqtisodiyotni va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirishga xizmat qiladi.






