2025-yilda respublika bo‘ylab 10 mingdan ortiq chiqindi tashlash bilan bog‘liq huquqbuzarliklar sodir etilgan
2026-01-27 12:40:00 / Yangiliklar
Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi qoshidagi Kuzatuv kameralaridan foydalanish va nazorat qilish bo‘limi tomonidan respublikamizning ko‘plab hududlarida onlayn kuzatuv kameralari o‘rnatilgan. Ushbu kameralar orqali belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash bilan bog‘liq qator huquqbuzarlik holatlari aniqlanmoqda.

Jumladan, 2025-yil davomida respublika bo‘ylab jami 10 199 ta qoidabuzarlik holati aniqlangan. Shundan 2 421 ta huquqbuzarlik bo‘yicha maʼmuriy javobgarlik qo‘llanilib, jarimalar undirilgan. Qolgan 7 778 ta qoidabuzarlikka qonunchilikda belgilangan tartibda choralar belgilanmoqda.
Maʼlumot uchun, respublikamizning deyarli barcha hududlarida jami 350 ta onlayn kuzatuv kamerasi o‘rnatilgan bo‘lib, ular nafaqat chiqindi tashlash, balki boshqa turdagi ekologik huquqbuzarliklarni ham aniqlash va chora ko‘rish imkonini beradi.









