Videoqoʻllanma: Chiqindi qutilari qayerlarda va kim tomonidan oʻrnatilishi kerak?
2026-01-16 17:10:00 / Yangiliklar

Respublikada hududlar tozaligini saqlash hamda chiqindilarni tartibli joylashtirish va yigʻish maqsadida maxsus chiqindi qutilari (urnalar)ni oʻrnatish boʻyicha aniq me’yorlar belgilangan. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-yanvardagi 5-son Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 2-oktabrdagi 787-son qaroriga muvofiq har bir hududning turiga qarab masofa va masʼullar biriktirilgan.
Unga koʻra: chiqindi qutilarini oʻrnatish tartibi, masofalar va masʼullar quyidagicha:
- Koʻp kvartirali uylarga: Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari yoki boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan har bir podyezdga kirish yoʻlida 1 tadan;
- Tashkilot va savdo obyektlariga: Yuridik shaxslar, tashkilotlar va idoralarning mulkdorlari yoki ijaraga oluvchilari tomonidan binoga kirish va chiqish yoʻllarida 1-2 tadan;
- Bozorlar va yirik savdo majmualariga: Bozorlar maʼmuriyati yoki savdo faoliyati bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektlari tomonidan har 250 m² maydon uchun 1 tadan, savdo doʻkonlari qatori boʻylab esa har 10 metr masofada 1 tadan;
- Tibbiyot muassasalarida: ularni balansda saqlovchi tibbiy muassasalar maʼmuriyatlari tomonidan hovli hududining har 700 m² maydonida 1 tadan, asosiy alleyalarda esa har 10 metr masofada 1 tadan;
- Metro va yer osti/yer usti oʻtish joylarida: Metropoliten davlat unitar korxonasi, tunellarda tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan har bir kirish va chiqish joyida 2 tadan;
- Gavjum koʻchalar va umumiy foydalanishdagi hududlarda: Tuman va shahar obodonlashtirish boshqarmalari tomonidan har 50 metrda, odam kam joylarda esa har 100 metrdan oshmagan masofada 1-2 tadan;
- Jamoat transporti bekatlarida: ularni balansda saqlovchi tashkilotlar tomonidan har bir bekatda 1-2 tadan;
- Yo‘lkalar, magistral ko‘chalarning piyodalar yo‘lagi bo‘ylab va koʻpriklarda: Hokimliklar huzuridagi tuman-shahar boshqarmalari tomonidan serqatnovligidan kelib chiqib, har 50 yoki 100 metrdan oshmagan masofada 1 tadan;
- Jamoat yo‘lovchi transporti hamda temiryoʻl bekati hududlarida: balansda saqlovchilar yoki transport tashkilotlari tomonidan har bir bekatda 1-2 tadan;
- Vaqtinchalik savdo doʻkonlari, koʻchma shoxobcha yoki, doʻkonchalarga tutash hududlarda: xo‘jalik yurituvchi subyektlar tomonidan har 5 metr radiusgacha masofada 1 tadan;
- Chekish uchun ajratilgan maxsus joylarda: ularni balansda saqlovchi tashkilotlar tomonidan 1-2 tadan;
- Istirohat bogʻlari, xiyobon va alleyalarda: ularni balansda saqlovchi tashkilotlar tomonidan bir-biridan 40 metrdan uzoq boʻlmagan masofada oʻrnatilib, agar obyekt maydoni katta boʻlsa, har 800 m² uchun kamida 1 ta quti toʻgʻri kelishi kerak;
- Toʻxtash joylari va plyajlarda: ularni balansda saqlovchi tashkilotlar tomonidan avtoturargohlarga kirishda 1-2 ta, dam olish va plyaj zonalarida esa suv boʻyidan 15 metr, yashil ekinlardan 3-5 metr uzoqlikda ya’ni har 800 m² ga 1 tadan koʻtarish mexanizmli yoki ularni boʻshatish uchun almashtiriladigan chelaklarga ega boʻlgan koʻchma chiqindi qutilari oʻrnatilishi shart.
Ma’lumot uchun: Chiqindi qutilari toʻlishiga koʻra muntazam ravishda, lekin sutkada bir marotabadan kam boʻlmagan holda boʻshatilishi va tozalanishi lozim.
Ta’kidlash joizki, chiqindi qutilaridan foydalanilish (tozalash, boʻshatish v.h.) uchun qulay boʻlgan joyga oʻrnatilishi, piyodalar, nogironligi boʻlgan shaxslar va bolalar aravachalari hamda velosipedlar harakatiga xalaqit bermasligi, barcha sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq toza va soz holatda saqlanishi kerak.
