Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi direktori Sharifbek Hasanovning korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha murojaati
2026-01-08 10:10:00 / Yangiliklar

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning tashabbuslari bilan mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olishga, unga qarshi kurashishga, davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida korrupsiya omillariga chek qo‘yishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Buni so‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasiga oid qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar, davlat dasturlari misolida ham ko‘rish mumkin.
Davlatimiz Rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashishga doir tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlagan holda, chiqindi bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirishsohasida ham korrupsiyaga qarshi kurashish bilan bog‘liq faoliyatni takomillashtirish yuzasidan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilib, bu ijtimoiy illatning oldini olish va profilaktika qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda tizimidagi tashkilotlarda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari tashkil etilganligi, ishga qabul qilishni ochiq tanlov asosida amalga oshirish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish, xaridlarni amalga oshirishda korrupsiyaviy xatarlarni aniqlash va bartaraf etish amaliyotlari joriy qilinganligi, sohani raqamlashtirish bo‘yicha loyihalar jadal sur’atlarda amalga oshirilayotganligi kabi qator amaliy ishlarni keltirib o‘tish mumkin.
Shu o‘rinda, tizimda faoliyat yuritayotgan barcha xodimlarga shuni alohida taʼkidlagan bo‘lar edimki, korrupsiyaga mutlaqo toqatsizlik tamoyiliga tayangan holda u bilan bog‘liq har qanday xatti-harakatlarda ishtirok etmang, boshqa shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab noqonuniy harakat qilmang, pora olish yoki berish kabi g‘ayriqonuniy boshqa maqsadlarda o‘z xizmat mavqeyingizni suiisteʼmol qilmang!
Mehnat faoliyatingiz davomida yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarda halol, adolatli, xolis va namunali xulq-atvor egasi bo‘lishingiz, o‘z lavozim majburiyatingizni bajarishingiz doirasida korrupsiyaning barcha shakllari va ko‘rinishlariga murosasiz munosabatni shakllantirgan holda unga qarshi kurashish bo‘yicha qonunchilik normalari va qabul qilingan ichki hujjatlarga qatʼiy rioya qilishingiz lozim!
Aziz vatandoshlar, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlarning qonunchilik hujjatlariga zid xatti-harakatlari yoki harakatsizliklarining guvohi bo‘lsangiz yoki xodimlarning korrupsiya va boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi yuzasidan maʼlumotlarga ega bo‘lsangiz, Agentlikning quyida keltirilgan aloqa kanallari orqali o‘z murojaatlaringizni qoldirishingiz mumkin.
Yo‘llangan murojaatlar sir saqlanishi ta'minlanadi va qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib, muddatlarda ko‘rib chiqilib, tasdiqlangan korrupsion holatlar bo‘yicha qonuniy choralar ko‘riladi.
Eʼtiboringiz uchun tashakkur!
Ishonch telefoni – 1275
Elektron pochta manzili – info@sanitation.uz
Rasmiy veb sahifa – gov.uz/sanitation
Telegram bot – @Sanitationanticor_bot
