Chiqindilarni boshqarish sohasida tadbirkorlik subyektlariga besh yillik soliq va bojxona imtiyozlari berildi
2026-01-05 10:45:00 / Yangiliklar

2025-yil 30-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
"Aholining alohida turdagi isteʼmol mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojlarini kafolatli taʼminlashga hamda iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarini yana-da qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi 269-son Farmoni imzolandi.
Unga ko‘ra:
2026-yil 1-yanvardan 2031-yil 1-yanvargacha
- Imtiyozli soliq rejimi joriy etildi:
"Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi" davlat muassasasi hamda chiqindilarni to‘plash, olib chiqish, saralash va qayta ishlash bilan shug‘ullanuvchi soliq to‘lovchilar uchun foyda va ijtimoiy soliq 1 foiz miqdorida belgilandi.
- Imtiyozlar quyidagi shartlar bilan qo‘llaniladi:
• daromadlar yil oxiridagi soliq davri bo‘yicha umumiy daromadning 90 foizidan kam bo‘lmasligi kerak;
• har oyda bir ishchining oylik maoshi kamida ikki baravar minimal ish haqi miqdorida bo‘lishi kerak.
- Bojxona to‘lovlarida imtiyozlar joriy etildi:
O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, uy xo‘jaligi, qurilish va tibbiyot kabi turli turdagi chiqindilarni utilizatsiya qilish hamda bio-parchalanadigan polimer materiallarini qayta ishlashda foydalaniladigan maxsus texnika, texnologik uskunalar, ehtiyot qismlar, jihozlar, xom ashyo va materiallar bojxona to‘lovlaridan ozod qilindi.

