Agentlik huzuridagi Jamoatchilik kengashining tarkibi tasdiqlandi
2025-12-25 16:10:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda nodavlat notijorat tashkilotlari, ekspert va ilmiy hamjamiyat, ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlardan iborat Jamoatchilik kengashining tarkibi taqdim etildi.
“Waste group” NNT rahbari Habibulla Xusanov kengash raisligiga tasdiqlandi. “Ekolog uz” NNT rahbari Nargis Kosimova esa uning o‘rinbosari etib tayinlandi. Shuningdek, kengash tarkibiga bir qator nodavlat-notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari va ekofaollar kiritildi.
Yig‘ilishda Jamoatchilik kengashi to‘g‘risidagi nizom atroflicha muhokama qilinib, uning a’zolarining burch va huquqlari belgilab olindi, yaqin istiqboldagi faoliyat rejasi ko‘rib chiqildi.
Sharifbek Hasanov Jamoatchilik kengashi agentlik faoliyatini, jumladan, normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlash, sanitar tozalash xizmatida sifat darajasini oshirish, "nol chiqindi" tamoyiliga ko‘ra chiqindilarni saralash va qayta ishlashda samarali chora-tadbirlarni olib borish va chiqindilarni boshqarish sohasiga doir startaplarni qo‘llab-quvvatlash dasturlarini amalga oshirishni ta’minlashda muhim rol o‘ynashi mumkinligini ta’kidladi. Bu borada agentlik har doim muloqot va yangi tashabbuslarga ochiq ekani, bunda jamoatchilik vakillarining ishtiroki uning ishini yanada shaffof va samarali qilishini ta’kidladi.
Qolaversa, agentlik tomonidan 2025-yil davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan taqdimot qilinib, hisobot berdi. Shuningdek, Markaziy Osiyo atrof-muhit va iqlim oʻzgarishini o‘rganish universiteti (“Green University”)da sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish yoʻnalishida ham malakali kadrlarni tayyorlash boʻyicha samarali ishlar olib borilayotgani haqida ham toʻxtalib oʻtdi.
Tadbirlar rejasini muhokama qilish chog‘ida agentlikning Jamoatchilik kengashi va soha mas’ullari ishtirokida:
- belgilanmagan joylarga chiqindi tashlash holatlariga qat'iy chora ko‘rish,
- aholi o‘rtasida chiqindi tashlash va saralash madaniyatini hamda ekologik targ‘ibotlarni oshirish,
- sanitar xizmat sifatini hamda infratuzilmani yaxshilash,
- sohaga keng investitsiyalarni jalb etish,
- "yashil energetika" rivojlantirish,
- qattiq maishiy chiqindidan tashqari qurilish, xavfli, sanoat va radiaktiv chiqindi turlarini ham tartibga solish,
- chiqindi poligonlari hududlarida nazoratni kuchaytirish kabi bir qator dolzarb masalalar bo‘yicha takliflar kiritildi.
Bundan tashqari, direktor agentlikning sohaviy bo‘limlari hamda tizim tashkilotlarining Jamoatchilik kengashiga muntazam hisobot berib borishini, shuningdek, ularning faoliyatini mustaqil baholash amaliyotini birlashtirishni taklif qildi.
Yig‘ilish yakunida Jamoatchilik kengashi faoliyatining batafsil rejasini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi, bu sohada dolzarb muammolarni hal etish bo‘yicha tizimli va samarali ishlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.







