Agentlik huzurida jamoatchilik kengashi tashkil qilinishi muhokama qilindi
2025-10-30 15:05:00 / Yangiliklar

Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligida Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi vakillari ishtirokida jamoatchilik kengashi tashkil qilish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda mustaqil fuqarolik institutlarini rivojlantirish va mustahkamlash, ularning erkin faoliyati kafolatlarini taʼminlash, davlat organlarining fuqarolar bilan yaqin hamkorligini yoʻlga qoʻyish, ularning ochiq, shaffof va oshkora faoliyat koʻrsatishini taʼminlash, davlat organlari faoliyati ustidan taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatish masalalari muhokama qilindi.
Jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qoʻllab-quvvatlash, davlat organlari va ular oʻrtasida ijtimoiy sheriklikni kuchaytirish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, sohani tartibga soluvchi huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha so‘z bordi.
Mas’ullar chiqindilarni boshqarish sohasidagi mavjud muammolar, ularning yechimi bo‘yicha takliflar yuzasidan jamoatchilik nazoratini samarali yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashishdi.
Maʼlumot uchun: Bu kabi chora-tadbirlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 4-iyuldagi “Davlat organlari huzurida jamoatchilik kengashlari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 3837-son qarori hamda 2021-yil 16-iyundagi “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 6247-son Farmoni ijrosi yuzasidan olib borilmoqda.



