Rasmiy munosabat
2025-12-11 17:05:00 / Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda Chirchiq shahrida “Zangiota Obodon” MCHJ sanitir tozalash korxonasi faoliyatidan etirozli murojaatlar eʼlon qilindi.
Chiqindilarni boshqarish agentligi holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi:
Mazkur murojaat Agentlik hamda Toshkent viloyati Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish boshqarmasi masʼullari tomonidan alohida nazoratga olinib, o‘rganildi. Unga ko‘ra, Agentlik direktorining oʻrinbosari Shuhrat Haydar boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan Toshkent tumani hokimiyati binosida tuman Kengashi deputatlari, MFYlar raislari hamda hududga xizmat koʻrsatuvchi masʼul “Zangiota Obodon” MCHJ vakillari ishtirokida yigʻilish oʻtkazilib, murojaatlar joyida oʻrganilgan.
Jarayonda yigʻilganlarning Chirchiq shahri va Toshkent tumanida maishiy chiqindilarni oʻz vaqtida olib chiqib ketmaslik, xizmat koʻrsatish oraliq davriylik muddati uzoqligi, xizmat sifati qoniqarsizligi hamda noreal shakllangan qarzdorliklar yuzasidan eʼtiroz va tanqidlari qabul qilindi. Jumladan, yuqoridagi masalalar boʻyicha ayni sanitar tozalash korxonasiga nisbatan viloyat boʻyicha jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 2 615 ta murojaat kelib tushgan.
Maʼlumot oʻrnida: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 26-sentyabrdagi 149-son Farmoni bilan sanitar tozalash korxonalari faoliyatining asosiy samaradorlik koʻrsatkichlari har oy yakuni bilan baholab borilishi, bunda baholash natijalari boʻyicha xizmatlar natijadorligi olti oy ketma-ket «qizil» toifada qayd etilgan sanitar tozalash korxonalariga jarima qoʻllanishligi va shartnomaga muvofiq akseptsiz ushlab qolish yoʻli orqali undirilishligi belgilangan.
Shu oʻrinda, avval xabar qilganimizdek, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tomonidan 2025-yil mart oyidan boshlab respublikada faoliyat yuritayotgan sanitar tozalash korxonalari faoliyati muntazam baholab kelingani hamda joriy yilning 1-noyabr holatida Toshkent viloyatidagi “Zangiota Obodon” MCHJ sanitar tozalash korxonasi olti oy ketma-ket «qizil» toifada qayd etilgani bois unga nisbatan belgilangan tartibda jarima qoʻllanilgan. Qolaqersa, Farmon talablariga binoan, jarimadan keyin ham uch oy ketma-ket “qizil” toifadan chiqa olmagan korxonalar bilan tuzilgan shartnomalar Ekologiya qoʻmitasi raisi roziligi bilan davlat sherigi tomonidan bir tomonlama bekor qilinishi mumkinligi bilan ogohlantirilganini maʼlum qilamiz.
