RADDIYA!
2025-11-26 12:25:00 / Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent viloyatidagi Ohangaron chiqindi poligonida tutash holatlari sabab tarqalayotgan tutun va badboʻy hidlar Toshkent shahriga qadar yetib kelayotgani aytilgan videoxabarlar tarqaldi. Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi holat boʻyicha quyidagilarni maʼlum qiladi: Murojaat shu kunning oʻzidayoq Agentlik va uning huzuridagi “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” DM rahbari boshchiligidagi ishchi guruh tomonidan joyiga chiqqan holda oʻrganildi. Jarayonda Toshkent viloyati Ekologiya boshqarmasi, Milliy gvardiya hamda “Maxsustrans IChB” DMlarning mutasaddilari ham jalb etildi.
Ma’lumot uchun: mazkur poligon 1970-yilda foydalanishga topshirilgan boʻlib, umumiy yer maydoni 59 gektarni tashkil etadi. Poligonning eng yaqin aholi yashash joyigacha masofa 4-5 kilometr atrofida. Oʻz navbatida, bir yil muqaddam — 2024-yil 26-noyabr kuni Ohangaron tumani “Yangihayot” MFYda joylashgan qattiq-maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilishga moʻljallangan ushbu poligon koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan huquqlarning davlatga oʻtkazilgani toʻgʻrisida kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan. Shuningdek, 2024-yilda mazkur maishiy chiqindilarni qabul qilish poligoni faoliyati toʻxtatilgan. 2025-yil iyun-iyul oylarida poligonda toʻliq rekultivatsiya ishlari olib borilib, tuproq qatlami bilan to‘liq yopilgan.
2025-yil iyul oyidan boshlab ushbu poligonning tutash hududida joylashgan “Maxsustrans-ICHB” DKga qarashli 30 gektarli zamonaviy chiqindi poligonida chiqindilarni qabul qilish va joylashtirish ishlari boshlangan. Yaʼni videoda aytilgan bu chiqindi poligoni bugungi kunda faoliyat yuritmaydi va chiqindi qabul qilmaydi. Ta’kidlash joizki, oʻrganishlar davomida ushbu hududda hech qanday yonish yoki tutash holatlari aniqlanmadi.
Shu oʻrinda, hududda chiqindilarni toʻgʻri utilizatsiya qilish hamda ularning ekologik-sanitariya xavfsizligini taʼminlash borasida 2025-yil 24-mart kuni qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Qattiq maishiy chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqarish investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi 116-sonli qaroriga koʻra Xitoy Xalq Respublikasining toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalari hisobidan ayni paytda chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi oladigan zavod barpo etilmoqda.
Mazkur zavodning qurilish ishlari 2027-yilda yakunlanib, foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Zavod ishga tushishi natijasida Toshkent shahri hamda Toshkent viloyatidan hosil boʻladigan chiqindilarning 70 foizi bartaraf etilib, atmosfera havosiga tashlanadigan issiqxona gazlari 2 barobarga qisqaradi.







