Toshkent: sanitar tozalash korxonasiga zamonaviy maxsus texnikalar topshirildi
2025-11-11 10:30:00 / Yangiliklar

Xabaringiz bor, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan joriy yilning 15-oktabridan 15-noyabrigacha “Tozalik va ozodalik oyligi” e’lon qilindi. Oylik doirasida mamlakatimiz bo‘ylab barcha hududlarda sanitar tozalash ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Shuningdek, hududlarda xizmat sifatini yaxshilash va aholini rozi qilish maqsadida sanitar tozalash korxonalarining infratuzilma sharoitlarini yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Jumladan, Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining o‘z mablag‘lari hisobidan xarid qilingan maxsus texnikalarning navbatdagisi Toshkent viloyati “Toza hudud” davlat korxonasiga topshirildi. Tadbirda Agentlik va Toshkent viloyati boshqarmasi, viloyat hokimligi va Prokuraturasi mutasaddilari qatnashdi.
Ma’lumot uchun: viloyat hududiga biriktirilgan “Toza hudud” sanitar tozalash korxonasiga umumiy qiymati 1 milliard 200 million so‘mdan ortiq bo‘lgan 5 ta zamonaviy texnika 7 yil muddatga lizing shartlari asosida topshirildi. Natijada hududda xizmat ko‘rsatish qamrovi 60 mingdan oshishiga erishiladi.
Mazkur texnikalar aholiga sifatli sanitar xizmat ko‘rsatish, chiqindilarni o‘z vaqtida olib chiqish barobarida sanitar korxona va soha rivoji uchun muhim sanaladi.
Avvalroq, “World Cleanup day” tozalik aksiyasi doirasida Toshkent viloyatidagi sanitar tozalash korxonalariga 15 ta zamonaviy texnika topshirilgani haqida xabar qilgan edik.




