Mahalla islohoti – amaliy natijalar va kelgusidagi rejalar muhokamasi
2026-10-23 10:00:00 / Yangiliklar

Yig‘ilishda aholi bandligini ta’minlash, fuqarolarni doimiy ish o‘rinlariga joylashtirish va barqaror daromad manbalariga ega qilish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash hamda kambag‘allikni qisqartirish borasida mahallalarda amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi.
Xususan, ehtiyojmand oilalarni davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanishga yo‘naltirish, ularning iqtisodiy faolligini oshirish hamda kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarning natijadorligiga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, mahallalarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, hududlarning sanitariya holatini yaxshilash hamda noyabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi kuzgi ko‘chat ekish tadbirlariga puxta tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunida shahar hokimi tomonidan mahallalarda ishlarni tizimli tashkil etish, mavjud muammolarga manzilli yechim topish, aholi farovonligini oshirish va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.






