“Zamonaviy kasblar” tanlovining shahar bosqichiga start berildi
2026-10-08 11:00:00 / Yangiliklar

Tanlovning ochilish marosimida shahar hokimi Zafarjon To‘raqulov ishtirok etib, yoshlarga muvaffaqiyat tiladi.
Shahar hokimi o‘z so‘zida bugungi kunda mamlakatimizda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, yoshlarni IT yo‘nalishlariga keng jalb etish, ularning zamonaviy bilim va kasblarni egallashi uchun zarur sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Shuningdek, raqamli texnologiyalarni puxta egallagan, kreativ fikrlaydigan va yangilikka intiluvchan yoshlar kelajakda nafaqat o‘z bandligini ta’minlashi, balki yangi ish o‘rinlari yaratishga ham munosib hissa qo‘shishini qayd etdi.
Tanlovda 14–30 yoshdagi yoshlar uchta yo‘nalish bo‘yicha o‘zaro bellashmoqda:
Grafik dizayn;
Veb-sayt yaratish;
Mobilografiya.
Bellashuvlar davomida ishtirokchilarning zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish, ijodiy fikrlash, dizayn va raqamli kontent yaratish borasidagi bilim hamda amaliy ko‘nikmalari sinovdan o‘tkazilmoqda.
Mazkur tanlov yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga yo‘naltirish, iqtidor va salohiyatini yuzaga chiqarish hamda kelgusida bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tanlov yakunida har bir yo‘nalish bo‘yicha eng yuqori natijalarni qayd etgan ishtirokchilar aniqlanib, g‘olib va sovrindorlar munosib taqdirlanadi.









