Ustozlarga ehtirom — kelajakka ehtirom
2026-09-30 17:00:00 / Yangiliklar

Bayram tadbirida so‘z olgan shahar hokimi Zafarjon To‘raqulov ustoz va murabbiylarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etdi. Mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish, pedagoglarning jamiyatdagi mavqei va nufuzini yuksaltirish, ularning samarali mehnat qilishi uchun munosib sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Shuningdek, yosh avlodga zamonaviy bilim va munosib tarbiya berish, ularni Vatanga sadoqat, ezgulik va insonparvarlik ruhida voyaga yetkazishda ustozlarning o‘rni beqiyos ekani qayd etildi. Zero, har bir insonning hayotdagi yutug‘i va jamiyat taraqqiyoti zamirida fidoyi ustozlarning mashaqqatli mehnati mujassam.
Tadbir davomida ta’lim-tarbiya sohasida ko‘p yillardan buyon samarali mehnat qilib, yosh avlod kamolotiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh ustoz va murabbiylar, shuningdek, mehnat faxriylari ko‘krak nishonlari, tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Qutlug‘ sana munosabati bilan pedagoglar o‘rtasida futbol bo‘yicha tashkil etilgan “Hokim kubogi” musobaqasi g‘olib va sovrindorlari ham tantanali ravishda taqdirlanib, ularga kubok hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bayram dasturi shahar madaniyat bo‘limi ijodkorlari tomonidan tayyorlangan kuy-qo‘shiqlar, dilbar taronalar va jozibali raqslar bilan davom etdi. Ko‘tarinki ruhdagi chiqishlar ustoz va murabbiylarga bayramona kayfiyat ulashdi.
Bugun yurtimizda pedagoglarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor, ular uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar hamda ustozlik kasbining obro‘-e’tiborini yanada oshirishga qaratilgan islohotlar — kelajak avlod ta’lim-tarbiyasi yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan ustozlarga bo‘lgan yuksak hurmatning amaliy ifodasidir.
Ustozga ko‘rsatilgan ehtirom — ilmga, ma’rifatga va kelajakka ko‘rsatilgan ehtiromdir.









