G‘oya uchun — 5 milliard so‘m. garovsiz!
2026-09-25 10:00:00 / Yangiliklar
Davlat birinchi marta startapga venchur investor sifatida kirmoqda, garov topolmagan korxonalar uchun esa kafillik ulushi 75 foizga ko‘tarildi. Prezidentning PF-175-sonli Farmoni tadbirkorlarni moliyalashtirishning mutlaqo yangi xaritasini chizib berdi.
O‘zbekistonda istiqbolli va innovatsion g‘oyaning taqdiri ko‘pincha yagona achchiq savolga taqalib qolar edi: «Garoving bormi?» Tijorat banklari uchun yangi va tavakkalchilikka asoslangan g‘oya moliyaviy aktiv hisoblanmas, oqibatda o‘nlab salohiyatli loyihalar boshlang‘ich bosqichdayoq to‘xtab qolardi. 2026-yil 27-avgustdagi PF-175-sonli Farmon aynan ushbu eskirgan tizimiy to‘siqni buzishga urinadi.
1. G‘oya uchun garov so‘ralmaydi: «UzVC» va 5 milliardlik sarmoya
2027–2030-yillarda «UzVC» milliy venchur fondi orqali «Kelajak tadbirkori» dasturiga start beriladi.
Sakkizta ustuvor yo‘nalishda — elektrotexnika, mashinasozlik, farmatsevtika, kimyo sanoati, qurilish materiallari, suv va energiya tejovchi texnologiyalar, agrotexnologiyalar hamda aerokosmos sohasida ochiq tanlov asosida 30 tagacha istiqbolli startap tanlab olinadi va moliyalashtiriladi.
Loyihalarga «tartibga solish qumdoni» (regulatory sandbox) deb ataluvchi maxsus huquqiy rejim tatbiq etiladi. Bu yangi va innovatsion mahsulotlarning eskirgan byurokratik talablar sababli bozorga chiqa olmay qolishining oldini oladi.
Moliyalashtirish shartlari esa bank tizimidan tubdan farq qiladi:
Har bir loyihaga 5 milliard so‘mgacha mablag‘ 3 yil muddatga foizsiz va garovsiz beriladi.
Pul odatdagi kredit emas, kelgusida korxona ulushiga almashtiriladigan qarz yoki xalqaro amaliyotda keng qo‘llaniladigan SAFE (Simple Agreement for Future Equity) shartnomasi shaklida kiritiladi.
Davlat ulushi 49 foizdan oshmaydi, ta’sischilarga esa ushbu ulushni kelgusida bozor qiymatida qaytarib sotib olish huquqi beriladi.
Muhim detal: Bu — bir marta sarflanib ketadigan subsidiya emas. Ulushlarni sotishdan tushgan mablag‘ Fond ixtiyorida qolib, yangi startaplarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi. YA’ni davlat shunchaki grant tarqatuvchi emas, balki muvaffaqiyatdan manfaatdor professional investor rolida ishtirok etadi.
2. Xususiy investorga — soliq kaliti («Biznes angel» maqomi)
Venchur bozorini davlat puli yolg‘iz o‘zi shakllantira olmaydi. Shu sababli startap ekotizimining yagona platformasida ro‘yxatdan o‘tgan loyihaga o‘z sarmoyasini kiritgan jismoniy shaxslarga rasman «Startap investori» (Business Angel) maqomi beriladi.
Maqomning praktik qiymati aniq: ulushlarni sotishdan olingan daromadlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan (JSHDS) to‘liq ozod etiladi. Shart bittagina — kiritilgan ulush kamida 3 yil davomida saqlanishi kerak. Bu rag‘bat tez foyda izlovchiga emas, balki loyiha bilan birga uzoq muddatli o‘sishga tayyor bo‘lgan haqiqiy investorlarga berilmoqda.
3. Garov topolmagan korxonaga — 75 foizlik kafillik qalqoni
«Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi» orqali to‘rtta yangi va ta’sirchan moliyaviy vosita ishga tushmoqda:
Kafillik: Kredit, bank kafolati, akkreditiv va lizing bo‘yicha 75 foizgacha kafillik beriladi.
Davlat xaridlari: Shartnomani bajarish va avans qaytarish uchun 2,5 milliard so‘mgacha kafolat taqdim etiladi.
Imtiyozli kredit: Moliyaviy intizomli tadbirkorlarga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit ajratiladi.
Xizmatlar ipotekasi: Davlat tasarrufidagi bo‘sh turgan bino va inshootlarni sotib olishga 15 milliard so‘mgacha xizmatlar ipotekasi joriy etiladi.
Bundan tashqari, Kompaniya muassisligida xususiy investorlar mablag‘ini jalb qiluvchi «Biznes fond» AJ hamda mikromoliya tashkilotlarini resurs bilan ta’minlovchi alohida tuzilma tashkil etiladi. Bu mikrokredit bozorini sezilarli darajada kengaytiradi.
4. Mehmonxonalarga — arzon va uzoq muddatli resurs
Turizm infratuzilmasi uchun alohida kompensatsiya mexanizmi belgilandi:
Mehmonxona qurishga 50 milliard so‘mgacha, rekonstruksiya va jihozlashga 20 milliard so‘mgacha (10-yil muddatgacha) ajratilgan kreditlarning milliy valyutada 16 foizdan, xorijiy valyutada esa SOFR, EURIBOR yoki SHIBOR stavkalaridan oshgan qismi Kompaniya hisobidan qoplab beriladi.
2027-yil 1-yanvardan rezident turoperatorlarning xorijiy sayyohlarga ko‘rsatgan xizmatlariga QQSning nol stavkasi qo‘llaniladi.
5. Tejalgan xarajat ham — foyda
Farmon faqat pul berish bilan cheklanmaydi, u korxonalarning bilvosita xarajatlarini ham qisqartiradi:
Infratuzilma kafolati: Qiymati 200 milliard so‘mdan (Qoraqalpog‘iston va Xorazmda 50 milliard so‘mdan) oshadigan loyihalarda tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini o‘z hisobidan qurgan tadbirkorning xarajati Davlat budjetidan qoplanadi.
Zakalat avtomatizatsiyasi: Davlat xaridlarida zakalat mablag‘lari 1 ish kuni ichida avtomatik qaytariladi.
Energiya xarajati: 2026-yil 1-noyabrdan elektr energiyasi va gaz uchun oldindan to‘lanadigan haq 15 foiz etib belgilandi (ilgari yuqoriroq edi), naqd to‘lovning chegaraviy miqdori esa BHMning 400 baravariga yetkazildi.
© O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarininghuquqlari va qonuniy manfaatlarining himoya qilish bo‘yicha Farg‘ona viloyati shubasi yetakchi inspektorlari Qodiraliyev Murodjon Yusufjonovich, Mamatov Sultonxon Abdug‘aniyevich

