Quvasoyda avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish loyihasi kengaymoqda
2026-09-24 16:00:00 / Yangiliklar

Shahar hokimi Zafarjon To‘raqulov “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasining Quvasoy filialida Koreya Respublikasining “Hansae Mobility” kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etilayotgan avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish korxonasida bo‘ldi.
Qiymati 30 million AQSh dollari bo‘lgan loyiha Quvasoyning sanoat salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Korxonada zamonaviy texnologiyalar asosida avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, loyihaning dastlabki bosqichi ishga tushirilgan.
Korxona to‘liq quvvatda faoliyat boshlagach, 200 nafardan ortiq fuqaroning doimiy bandligi ta’minlanishi rejalashtirilgan.
O‘rganish davomida korxona rahbariyati bilan ishlab chiqarish hajmini oshirish, loyihaning keyingi bosqichlarini amalga oshirish hamda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Investitsiyaviy loyihalarning izchil amalga oshirilishi Quvasoyda yangi ishlab chiqarish yo‘nalishlarini rivojlantirish bilan birga, aholi uchun yangi va barqaror ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qilmoqda.









