Quvasoy shahar aholisiga murojaat
2026-09-07 18:00:00 / Yangiliklar
2026-yilning avgust oyi davomida Quvasoy shahrida jinoyatchilikka qarshi kurashish, uning oldini olish yuzasidan bir qator ishlar amalga oshirildi.
**7 oy davomida jinoyatlarning soni 116 tani** tashkil etib,
* **47 tasi** oldini olish mumkin bo‘lgan
* **66 tasi** aniqlangan jinoyatlar,
* **3 tasi** kiber yo‘nalishidagi jinoyatlar toifasiga kiradi.
Sodir etilgan **oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlarning** asosiy salmog‘ini turlari bo‘yicha tahlil qilganimizda:
* **Qotillik jinoyati 3 ta**
* **Nomusga tegish 4 ta**
* **O‘g‘irlik 23 ta**
* **Firibgarlik 8 ta**
* **Tan jarohati yetkazish 2 ta**
* **Yo‘l transport hodisasi 7 ta** sodir etilishiga yo‘l qo‘yilgan.
**O‘g‘irlik** fuqarolarimizning o‘z mol-mulklari daxlsizligini buzib, moddiy ziyon yetkazishdir. Fuqarolarimizning, ichki ishlar organ xodimlari tomonidan olib borilgan targ‘ibot ishlariga qaramay, savdo do‘konlarini qo‘riqlash pultiga ulash, ko‘p qavatli uylarning pod’yezdlariga kuzatuv kamerasini o‘rnatish, ko‘chalarda avtomashinalarni ochiq qoldirish, dala maydonlari chetida chorva mollari, buyum va texnika jihozlarini qarovsiz qoldirishi oqibatida, hududlarda o‘g‘irlik jinoyatini sodir etilishiga qulay sharoit va imkoniyat yaratib berilmoqda.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlar, xususan Telegram orqali zararli (virusli) fayllarning keng miqyosda tarqatilayotgani kuzatilmoqda. Ushbu **fayllar .apk, .exe, .vbs, .bat, .cmd** kabi bo‘lib, ular orqali foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari, akkauntlari hamda mobil qurilmalariga jiddiy zarar yetkazilishi mumkin.
**Mazkur fayllarni ochishingiz bilan:**
— Telegram akkauntingiz ustidan nazoratni yo‘qotishingiz;
— shaxsiy yozishmalar va kontaktlaringiz begona shaxslarga o‘tib ketishi;
— sizning nomingizdan boshqalarga virusli xabarlar yuborilishi;
— bank kartalaringiz va boshqa maxfiy ma’lumotlaringiz o‘g‘irlanishi mumkin.
**Shuningdek, jinoyatni sodir etgan shaxslar haqida to‘xtalsam,**
Voyaga yetmaganlar tomonidan **2 ta**, yoshlar tomonidan **21 ta**, mast holatda **1 ta**, sudlanganlar tomonidan **6 ta**, ishsizlar tomonidan **1 ta** va guruh bo‘lib jinoyat sodir etish **16 tani tashkil etmoqda.**
**Shuningdek,** jamiyatimiz, ayniqsa yoshlar, voyaga yetmaganlar kelajagi uchun eng dolzarb va xavfli muammolardan biri — giyohvandlik moddalarni targ‘ibot qilish, iste’mol qilish, saqlash va sotish kabi jinoyatlarga qo‘l urayotganligidir.
So‘nggi yillarda an’anaviy giyohvand moddalar bilan bir qatorda sintetik giyohvand vositalar keng tarqalmoqda, ular kuchli ta’sirga ega bo‘lib, qisqa vaqt ichida qaramlikni yuzaga keltiradi.
Xulosa qilib aytganda, **giyohvandlik** — bu kelajakni barbod qiluvchi, oilani parokanda etuvchi va jamiyat xavfsizligiga tahdid soluvchi illatdir. Bizning bugungi hushyorligimiz ertangi sog‘lom avlod kafolatidir.
IIO xodimlari hamisha xalq bilan yelkadosh. Qolaversa, jamoatchilik hamkorligi ham biz uchun juda zarur. Dunyoda bo‘layotgan notinchliklar har birimizni ogohlikka, yurtimizdagi tinchlikni asrab-avaylashga chorlashi kerak.
Hurmatli fuqarolar, jinoyat qurboniga aylanib qolmaslik hamda jinoyatlarni oldini olishda huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlik qilishlaringizni so‘rab qolamiz.
**Ogoh va hushyor bo‘ling!**
