Ishsiz yoshlar uchun sanoat korxonalarida yangi ish imkoniyatlari
2026-09-04 10:00:00 / Yangiliklar

Shahar hokimi o‘rinbosarlari Alisher Mamajonov, Salimjon Nishanqulov hamda Yoshlar ishlari agentligi shahar bo‘limi boshlig‘i Javohir Mo‘ysinjonovlar boshchiligida 60 nafarga yaqin ishsiz yoshlar uchun Bunyodkor yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasidagi korxonalarga ekskursiya tashkil etildi.
Yoshlar dastlab Koreya Respublikasi bilan hamkorlikda faoliyat boshlagan “Hansae Mobility” qo‘shma korxonasi faoliyati va mavjud bo‘sh ish o‘rinlari bilan tanishdilar. Shuningdek, “Marwin Fruitline” meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlash, “i-Deco” mebel ishlab chiqarish hamda farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxonalardagi ish imkoniyatlari haqida ma’lumot berildi.
Ekskursiya davomida yoshlarga mehnat sharoitlari, kasbiy talablar va mavjud bo‘sh ish o‘rinlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berildi. O‘z qiziqishi, kasbi va mutaxassisligiga mos ish o‘rinlarini tanlagan yoshlar tegishli tartibda arizalar topshirdilar.
Mazkur tashabbus orqali yoshlarni korxonalar bilan bevosita bog‘lash, ularning bandligini ta’minlash hamda mehnat bozoriga faol jalb etish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi.









