Maktablarda “Birinchi qo‘ng‘iroq” sadolari yangradi
2026-09-02 09:05:00 / Yangiliklar
Bugun Quvasoy shahridagi barcha umumiy o‘rta ta’lim maktablarida yangi o‘quv yiliga bag‘ishlangan “Birinchi qo‘ng‘iroq” tadbirlari ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.

Maktab hovlilari yana o‘quvchilarning quvonchli shovqini, ustozlarning samimiy tilaklari va ilk bor maktab ostonasiga qadam qo‘yayotgan bolajonlarning hayajoniga to‘ldi.
Tadbirlarda o‘quvchilar yangi o‘quv yili bilan samimiy qutlanib, ularga bilim olish, izlanish va o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlariga erishishda muvaffaqiyatlar tilandi.
Ayniqsa, birinchi sinf o‘quvchilari uchun bu kun unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi. Jaranglagan ilk qo‘ng‘iroq esa ular uchun bilim olamiga yo‘l ochgan yangi bosqichning boshlanishini anglatuvchi ramzga aylandi.









