“Yoshlar kuni” munosabati bilan harbiy qismda ochiq muloqot o‘tkazildi
2026-08-06 14:00:00 / Yangiliklar
“Yoshlar kuni” munosabati bilan Quvasoy shahridagi 9229-harbiy qismda yoshlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda Quvasoy shahar prokurori Sardor Ahmadjonov, Ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i Jahongir Xasanov hamda harbiy xizmatchilar ishtirok etdi.

Uchrashuv davomida yoshlarning bandligini ta’minlash, sifatli ta’lim olishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda faol ishtirok etish, sportni ommalashtirish va yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan fikr almashildi. Yoshlarning taklif va mulohazalari tinglanib, ularni qiynayotgan masalalar yuzasidan ochiq muloqot olib borildi.
Shuningdek, tadbir davomida Quvasoy shahrida qayd etilgan ayrim jinoyatchilik holatlari aks etgan videorolik namoyish etildi. Ishtirokchilarga huquqbuzarliklarning oldini olish, qonunlarga hurmat ruhini mustahkamlash hamda jinoyatchilikka qarshi murosasiz munosabatni shakllantirish yuzasidan zarur tushunchalar berildi.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuv yoshlarni Vatanga sadoqat, qonunga hurmat va yuksak fuqarolik mas’uliyati ruhida tarbiyalash, ularning jamiyat hayotidagi faolligini oshirishga xizmat qildi.






