Quvasoyda yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi
2026-08-06 13:00:00 / Yangiliklar
“Yoshlar kuni” munosabati bilan Quvasoy shahridagi “Vodiy gavhari” bolalar oromgohid yoshlar ishtirokida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Farg‘ona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi Qo‘riqlash xizmati boshlig‘i, polkovnik Z.To‘ychiyev yoshlar bilan samimiy suhbat qurib, ularning ta’lim olishi, kasb tanlashi va kelajakdagi maqsadlari haqida fikr almashdi. Uchrashuv davomida yoshlarni Vatanga muhabbat, yuksak mas’uliyat va doimiy izlanish ruhida kamol topishga da’vat etdi.
Shuningdek, ishtirokchilarga Qo‘riqlash xizmati tizimining faoliyati, xizmatga qabul qilish tartiblari hamda ushbu sohada yaratilgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumot berildi. Zamonaviy texnologiyalar, xususan sun’iy intellekt va robototexnikaning bugungi kundagi o‘rni hamda axborot texnologiyalarini puxta o‘zlashtirishning ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Yakunda yoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Bunday uchrashuvlar yoshlarning dunyoqarashini kengaytirish, zamonaviy kasblarga qiziqishini oshirish va ularda vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi qayd etildi.






