Quvasoylik xorijdagi yoshlar bilan onlayn muloqot o'tkazildi
2026-08-06 12:00:00 / Yangiliklar
Yoshlar kuni doirasida Quvasoy shahrida xorijiy migratsiyada bo'lib turgan hamda xorijda tahsil olayotgan yoshlar bilan onlayn muloqot tashkil etildi. Unda Quvasoy shahar hokimining o'rinbosari Alisher Mamajonov ishtirok etib, yoshlar bilan samimiy va ochiq muloqot olib bordi.

Uchrashuv davomida xorijda mehnat faoliyatini olib borayotgan yoshlarning yashash va mehnat sharoitlari, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, mavjud muammolarini o'rganish hamda Vatanga qaytgach ularning bandligini ta'minlash va tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muloqot davomida shahar hokimining o'rinbosari davlatimiz tomonidan yoshlarning bandligini ta'minlash, kasb-hunarga o'qitish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash, imtiyozli kredit va subsidiyalardan foydalanish bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlar hamda mavjud dasturlar haqida batafsil ma'lumot berdi. Shuningdek, xorijda orttirilgan bilim va tajriba yurtimiz taraqqiyoti, mahallalar rivoji hamda yangi ish o'rinlarini yaratish yo'lida muhim omil ekani alohida ta'kidlandi.
Onlayn muloqotda yoshlar o'zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan savollar bilan murojaat qilib, amaliy tavsiya va zarur tushuntirishlarga ega bo'ldilar. Bildirilgan taklif va murojaatlar yuzasidan tegishli mas'ullarga zarur vazifalar belgilandi.




