“Sayyor sud” — yoshlar uchun muhim hayot sabog‘i
2026-07-09 12:00:00 / Yangiliklar
Quvasoy shahrida yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish maqsadida “Sayyor sud” majlisi tashkil etildi.

Tadbir avvalida shahar hokimi Zafarjon To‘raqulov, huquq-tartibot idoralari rahbarlari hamda mas’ullar yoshlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdilar. Suhbat davomida yoshlarni turli jinoyat va huquqbuzarliklardan yiroq bo‘lishga, qonunlarga hurmat ruhida yashashga hamda bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etishga chaqirdilar.
Shundan so‘ng “Sayyor sud” majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda ko‘rib chiqilgan ish misolida jinoyat va huquqbuzarliklarning inson taqdiri, oilasi hamda jamiyat hayotiga ko‘rsatadigan salbiy ta’siri haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Yoshlar sud jarayonini bevosita kuzatish orqali qonunbuzarliklarning og‘ir oqibatlari, huquqiy javobgarlik va jazo muqarrarligi haqida amaliy tasavvurga ega bo‘ldilar. Ta’kidlanganidek, har bir yosh o‘z kelajagiga mas’uliyat bilan yondashishi, ta’lim olishi, kasb-hunar egallashi hamda jamiyatda munosib o‘rin topishga intilishi lozim.
Bunday uchrashuvlar yoshlarning huquqiy ongini oshirish, ularni jinoyatchilik va huquqbuzarliklardan asrash hamda sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.



