Assalomu alaykum, hurmatli Quvasoy shahar fuqarolari va aziz mehmonlar!
2026-07-07 10:00:00 / Yangiliklar
Hurmatli Prezidentimizning 2026-yil 5-yanvardagi PQ-1 va PQ-2-son qarorlari hamda joriy yilning 27-yanvar kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida shahrimiz mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish, huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish, jinoyatlarning barvaqt oldini olish, ijtimoiy profilaktika tadbirlarini samarali tashkil etish hamda "Yoshlar kuni" tadbirlarini o‘tkazish ishlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy hokimlik va keng jamoatchilik hamkorligida izchil davom ettirilmoqda.

2026-yilning iyun oyi hamda joriy yilning olti oyi davomida Quvasoy shahrida jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish borasida qator amaliy ishlar amalga oshirildi.
Olti oy davomida shaharda jami 96 ta jinoyat qayd etildi. Shundan:
• 36 tasi oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar;
• 58 tasi aniqlangan jinoyatlar;
• 2 tasi kiberjinoyatlar toifasiga kiradi.
Oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar turlari tahlil qilinganda quyidagi holatlar kuzatildi:
• qotillik – 3 ta;
• nomusga tegish – 3 ta;
• o‘g‘rilik – 18 ta;
• firibgarlik – 6 ta;
• tan jarohati yetkazish – 1 ta;
• yo‘l-transport hodisalari – 4 ta.
Jinoyat sodir etgan shaxslar toifasi bo‘yicha tahlil natijalariga ko‘ra:
• voyaga yetmaganlar tomonidan – 2 ta;
• yoshlar tomonidan – 19 ta;
• mast holatda – 1 ta;
• muqaddam sudlanganlar tomonidan – 6 ta;
• ishsiz shaxslar tomonidan – 1 ta;
• guruh bo‘lib sodir etilgan jinoyatlar – 16 tani tashkil etdi.
Hurmatli fuqarolar!
Inson hayoti oliy qadriyat hisoblanadi. Har bir fuqaroning yashash huquqi qonun bilan kafolatlangan. Qotillik esa insonni qasddan hayotdan mahrum etish bo‘lib, jamiyat uchun eng og‘ir jinoyatlardan biri sanaladi.
Qotillik jinoyatlarining kelib chiqishiga oilaviy nizolar, mastlik, moddiy kelishmovchiliklar, rashk, tajovuzkorlik hamda huquqiy madaniyatning yetarli darajada shakllanmaganligi sabab bo‘lishi mumkin. Aksariyat hollarda bir lahzalik jahl va hissiyotga berilish tuzatib bo‘lmaydigan oqibatlarga olib keladi.
Shu o‘rinda bir holatni eslatib o‘tmoqchiman.
Joriy yilning 28-iyun kuni soat 01:30 larda kelib tushgan xabarga ko‘ra, Quvasoy shahar Hamdo‘stlik mahallasida yashovchi, 1999-yilda tug‘ilgan, ikki nafar farzandning otasi bo‘lgan fuqaroning xonadoniga noma’lum shaxs kirib, unga hamda uning voyaga yetmagan farzandiga o‘tkir tig‘li jism bilan tan jarohati yetkazib, voqea joyidan yashiringan.
Olib borilgan tezkor-qidiruv va surishtiruv tadbirlari natijasida mazkur og‘ir jinoyat marhumning shar’iy nikohdagi turmush o‘rtog‘i tomonidan sodir etilgani aniqlanib, gumonlanuvchi qo‘lga olindi. Mazkur holat yuzasidan Quvasoy shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Jinoyat-protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida protsessual choralar ko‘rildi.
Hurmatli yurtdoshlar!
Bugungi kunda jamiyatimiz, ayniqsa yoshlar va voyaga yetmaganlar kelajagi uchun eng dolzarb hamda xavfli muammolardan biri giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar bilan bog‘liq jinoyatlardir.
So‘nggi yillarda an’anaviy giyohvand moddalar bilan bir qatorda sintetik giyohvand vositalarning tarqalishi ortib bormoqda. Ular inson salomatligiga o‘ta xavfli bo‘lib, qisqa vaqt ichida kuchli qaramlikni yuzaga keltiradi.
Unutmang, giyohvandlik — bu kelajakni barbod qiluvchi, oilalarni parokanda etuvchi va jamiyat xavfsizligiga jiddiy tahdid soluvchi illatdir. Bugungi hushyorligimiz ertangi sog‘lom avlodning eng muhim kafolatidir.
Hurmatli ota-onalar!
Farzandlaringiz yozgi ta’tilni mazmunli va xavfsiz o‘tkazishlari uchun ularning yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishlarini nazorat qilishingizni, shuningdek, voyaga yetmaganlarning velosiped, elektro skuter va boshqa transport vositalarini belgilangan tartibga zid ravishda boshqarishlariga yo‘l qo‘ymasligingizni so‘raymiz.
Ichki ishlar organlari xodimlari doimo xalq bilan birga, xalq manfaatlari yo‘lida xizmat qiladi. Shu bilan birga, jamoatchilikning faol hamkorligi biz uchun nihoyatda muhimdir. Dunyoda yuz berayotgan murakkab vaziyatlar barchamizni yanada hushyor bo‘lishga, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligini ko‘z qorachig‘idek asrashga undashi lozim.
Hurmatli fuqarolar!
Sizlarni jinoyat qurboniga aylanib qolmaslik, shuningdek huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish yo‘lida huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlik qilishga chaqiramiz.
Ogoh va hushyor bo‘ling! Tinchlik va osoyishtalikni birgalikda asraylik!
