Kasb-hunarli qizlar – jamiyat taraqqiyotining muhim omili
2026-07-02 11:00:00 / Yangiliklar
Yoshlar kuni doirasida Quvasoy shahridagi 27-umumiy o‘rta ta’lim maktabida "Yosh qizlarning tarbiyasida kasb-hunarga o‘qitishning o‘rni" mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.

Unda Quvasoy shahar hokimi Zafarjon To‘raqulov, huquq-tartibot idoralari rahbarlari, Xalq deputatlari Farg'ona viloyati Kengashi deputati Dilorom Mehmonova hamda maktab direktorlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida yosh qizlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning ma’naviy-axloqiy fazilatlarini yuksaltirish, kasb-hunarga qiziqishini oshirish va zamonaviy kasblarni egallashga yo‘naltirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, o‘quvchi-qizlarning yozgi ta’til davrida bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularni kasb-hunar to‘garaklari va amaliy mashg‘ulotlarga keng jalb etish maqsadida hamkor tashkilotlar o‘rtasida memorandum imzolandi.
Memorandum asosida o‘quvchi-qizlarning kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirish, ijtimoiy faolligini oshirish va bandligini ta’minlash bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Tadbir yakunida yosh qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarish hamda ta’lim muassasalari bilan hamkor tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash yuzasidan ustuvor vazifalar belgilab olindi.









