Xitoy investitsiyasi asosida yangi tekstil loyihasi amalga oshiriladi
2026-07-01 14:00:00 / Yangiliklar
Quvasoy shahrida sanoat salohiyatini kengaytirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan navbatdagi investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Shahar hokimi Zafarjon To‘raqulov Xitoyning "YIMI DEING TEXTILE" MCHJ korxonasi rahbari Liu Qiuli bilan uchrashib, Quvasoy shahrida tashkil etilayotgan yangi investitsiya loyihasi yuzasidan muzokaralar olib bordi.
Ma’lum qilinishicha, xitoylik investor tomonidan Quvasoy shahridagi Erkin iqtisodiy zona hududidan yer maydoni xarid qilingan bo‘lib, ayni paytda korxona binosining qurilish ishlari boshlangan.
Yangi korxonada tekstil mahsulotlari uchun ishlatiladigan trikotaj iplarini bo‘yash faoliyati yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Loyiha nafaqat hududning sanoat salohiyatini oshirish, balki mahalliylashtirish darajasini kengaytirish va eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishga ham xizmat qiladi.
Mazkur investitsiya loyihasi ishga tushirilishi natijasida 100 nafarga yaqin fuqaro doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanishi kutilmoqda.


