Paxtakor tuman fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga MUROJAATI
2026-11-18 09:30:00 / Yangiliklar

G‘ALLANGIZGA QO‘SHIMCHA O‘G‘IT BERING
HAMDA AGROTEXNIK TADBIRLARNI O‘Z VAQTIDA QO‘LLAB, G‘ALLADAN MO‘L HOSIL OLISHGA ERISHING!
Paxtakor tuman fermerlari kengashi Rayosati a’zolarining fermerlarga MUROJAATI
Hurmatli dehqon va fermerlar!
Qishloq xo‘jaligida global iqlim o‘zgarishi va suv tanqisligi sharoitida mahsulot yetishtirishni ko‘paytirish orqali xalqimizning sifatli oziq-ovqatga, jumladan, non va non mahsulotlariga ehtiyojini ta’minlash ustuvor vazifamizdir.
Davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan ko‘plab Farmon va qarorlar Siz, dehqon va fermerlarning qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi ulkan yutuqlaringizga mustahkam zamin yaratmoqda.
Aynan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 9-dekabrdagi “Paxtachilik va g‘allachilikda hosildorlikni oshirish uchun yuqori samarador intensiv agrotexnologiyalarni qo‘llashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-370-sonli qarori bilan fermerlarga katta imtiyoz va vakolatlar berildi.
Jumladan, zamonaviy intensiv agrotexnologiyalarni keng joriy etish, ilm-fan yutuqlari va ustoz-shogird an’analariga asoslangan yangi tizimni joriy etish orqali hosildorlikni oshirish, g‘allachilikda hosildorlikni 100 va undan yuqori sentnergacha yetkazish borasida davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralari belgilandi.
G‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2026-yil hosilidan boshlab g‘allani o‘z mablag‘lari yoki tijorat kreditlari hisobidan yetishtirib, uni belgilangan tartibda birja savdolari yoki davlat resursi uchun realizatsiya qilgan fermer xo‘jaliklariga mahsulot qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiya berilishi yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida viloyatda 2026-yilda ko‘plab g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklari ushbu imtiyozdan foydalanmoqda.
Yangi O‘zbekistonimizning 2027-yilgi ulkan g‘alla xirmoni omilkor dehqonlar, fermerlar, suvchilar, agronom va mexanizatorlar hamda sohaning fidoyi olimlari, tajribali mutaxassislarning zahmatli mehnatlari evaziga yaratilishini hammamiz his qilib turibmiz.
Qadrli fermerlar!
Sohaning olim va mutaxassislarining tavsiyalariga hamda dehqonlar ta’biri bilan aytganda, “Yil yilga o‘xshamaydi”, bugungi kunda g‘alla maydonlarini parvarishlashda o‘zgacha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishni davr shiddati taqozo etmoqda. Jumladan:
G‘allada yuqori va sifatli hosil olish barcha agrotexnik tadbirlarni o‘z muddat va me’yorlarida, tizimli ravishda bajarishga bevosita bog‘liqdir. Bunda yerni tayyorlash, urug‘ni sifatli ekish va maysalarni to‘liq undirib olishdan tortib, ularni ilmga asoslangan yangi intensiv usullarda oziqlantirish hamda tashqi stress omillaridan ishonchli himoya qilishgacha bo‘lgan barcha tadbirlar bir-biri bilan chambarchas bog‘langan yagona texnologik zanjirni tashkil etadi.
Ayniqsa, kuzgi vegetatsiya davrida g‘alla maysalarini to‘g‘ri parvarishlash o‘simlikning jadal o‘sishi hamda kafolatli mo‘l hosil yaratilishi uchun mustahkam zamin hisoblanadi.
Shu maqsadda, dalangizdagi maysalar 1–2 barg fazasidan boshlab kremniy, bor kislotasi va aspirin kabi mikroo‘g‘itlar bilan bargdan oziqlantirish tavsiya etiladi. Bu mikroo‘g‘itlar qo‘llanilganda nihollar sog‘lom va baquvvat rivojlanib, qishning sovuqlaridan betalofat chiqadi.
Buning uchun har bir fermer bugundan boshlab, bir gektariga 250 grammdan 500 grammgacha bor kislotasi, 200–300 millilitr kremniy va 500 milligramm aspirinni o‘sib chiqqan maydonlarga sepsangiz, qishda juda yaxshi bo‘ladi, hosildorlikni qishi bilan ham sovuqdan saqlaydi hamda bahorda bir vaqtning o‘zida boshoqlashga kiradi.
Lalmikor maydonlarga g‘alla ekkan fermerlar tomonidan ham ushbu tadbirni amalga oshirishni tavsiya etamiz.
Buning uchun esa bugundan har bir fermer xo‘jaligi rahbari o‘z g‘alla dalasida “Zarbdor bir oylik” e’lon qilishi lozim.
Aziz mirishkor dehqon va fermerlar!
Buxoro fermerlari kengashi rayosati a’zolari, tegishli soha olim va mutaxassislari tomonidan g‘alla yetishtiruvchi fermer xo‘jaliklariga va klasterlarga 2027-yilda har bir gektar g‘alladan 100 sentnerdan yuqori hosil olish uchun “Zarbdor bir oylik” e’lon qilib, quyidagi tadbirlarni amalga oshirishni maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz:
Birinchidan, har bir fermer xo‘jaligi tomonidan g‘alla maydonlarini yana bir bor ko‘rib, rivojidan orqada qolayotgan maydonlarni aniqlab oling;
Ikkinchidan, qisqa muddatda barcha maydonlarga yetarli azotli o‘g‘itlar zaxirasini yarating va kechki hamda qoloq g‘alla maydonlarini yaxshilash maqsadida gektariga 100–150 kg fosfor va kaliy o‘g‘itlari bilan oziqlantirishni tashkil etib, g‘alladan barakali hosil olishga erishing;
Uchinchidan, bir gektariga 250 grammdan 500 grammgacha bor kislotasi hamda 200–300 millilitr kremniy va 500 milligramm aspirinni o‘sib chiqqan maydonlarga sepishni tashkil eting;
To‘rtinchidan, lalmikor maydonlarda g‘alla ekishni joriy yilning 25-noyabriga qadar to‘liq yakunlang;
Beshinchidan, sug‘orilmagan g‘alla maydonlarida o‘q ariqlar oralig‘ini 60–70 metrdan oling va qisqa muddatda yengil sug‘orishni tashkil eting;
Oltinchidan, g‘alla maydonida yomg‘irlatib sug‘orishni yo‘lga qo‘yib, davlat tomonidan beriladigan subsidiya mablag‘ini oling hamda hosildorlikni har gektariga 10–12 sentnerga oshiring va suvni 35–45 foizga tejang;
Yettinchidan, kechki va unib chiqmagan g‘alla maydonlariga quruq, chirigan mahalliy o‘g‘it sepishni tashkil eting. Bunda noyabr–dekabr oylarida 5–10 tonnadan mahalliy o‘g‘it mo‘ljallab sepilganda tuproq mikroflorasini uyg‘otadi, tuproqning issiqlik sig‘imini oshirib, maysa va ildizini sovuqdan asraydi. Eng muhimi, tuproqqa go‘ng solinganda mikro va makroo‘g‘itlar hamda biostimulyatorlarning faol o‘zlashtirilishi va samaradorlik yanada yuqori bo‘lishini aslo unutmang;
To‘qqizinchidan, 10 kun muddatda g‘o‘za qator orasiga ekilgan maydonlarni g‘o‘zapoyadan kesish agregatlari yordamida tozalang. Bunda g‘o‘zapoyani qo‘lda sug‘urib olishga yo‘l qo‘ymang hamda g‘o‘za poyadan biochar qilib qo‘shimcha daromad oling;
To‘qqizinchidan, ob-havoning qulay kunlaridan foydalanib, dala atroflarini, ichki va xo‘jalik ariqlarini tozalang hamda parallel ravishda betonlashtirish ishlarini yakunlang;
O‘ninchidan, har bir fermer xo‘jaligi boshlig‘i g‘allachilik klaster korxonalari bilan hamkorlikda ishlarni yanada jadallashtirib, g‘allaga qo‘shimcha ozuqa berib, yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirib, joriy yilda g‘alla hosilini gektariga 100 va undan yuqori sentnergacha yetkazib, yuqori daromad olishga erishing.
O‘n birinchidan, O‘zbekiston fermerlari kengashining murojaatnomasida hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining boshoqli don ekinlarini mikroelementli o‘g‘itlar bilan oziqlantirish bo‘yicha tavsiyanomasida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga chorlaymiz!
ESLATMA!!!
ISHCHI ERITMANI TAYYORLASH TARTIBI
Biostimulyatorlarni bargdan oziqlantirishda asosan dronlardan foydalanish yaxshi samara beradi.
1. Dron yordamida sepish uchun ishchi eritma tayyorlash:
3 gektar maydon uchun — 1 kg 200 gramm Aspirin 10 litr issiq suvda va 750 gramm Bor kukuni 10 litr issiq suvda alohida eritiladi. Dron bakiga avval 5 litr oddiy suv quyilib, keyin Aspirin va Bor eritmalari suzib quyiladi. Ustidan Kremniy qo‘shilib, umumiy hajm 30 litr bo‘lguncha suv bilan to‘ldiriladi.
2. Shtangali purkagichlar uchun ishchi eritma tayyorlash:
Bor kislotasi (1 ga/250 gr): kamida 10–15 litr issiq suvda alohida eritib olinadi.
Kremniy (“Sila kremniy” misolida 1 ga/300 gr): 10–15 litr suvda suyultiriladi.
Aspirin (1 ga/400 gr): kamida 10–15 litr issiq suvda (50–60°C) maydalangan holda cho‘kma qolmaguncha aralashtirib eritiladi.
Tayyor bo‘lgan eritmalarni OVX va VP purkagichlar bakiga solib, 3–5 daqiqa aralashtirilib, g‘alla maydonlariga sepiladi.
SEPISH TEXNOLOGIYASI VA SHAROITLARI
G‘alla maysalarini bargdan oziqlantirishda asosan dronlardan foydalanish samarali hisoblanadi. Bunda og‘ir texnikalarning dalaga kirishi tuproqni zichlashtiradi, maysa va ildizlarini shikastlaydi. Shu sababli dronlar yordamida sepiladi.
Dronlar yetishmagan sharoitlarda hamda tuproq namligi 60 foizdan past g‘alla maydonlariga shtangali purkagichlarda ishlov beriladi.
Ishlov berish muddati: shamolsiz kunlarda, havo harorati o‘rtacha 10–12°C bo‘lganda sepilganda samarasi yuqori bo‘ladi. Ishlovdan keyin eritma g‘alla maysalariga so‘rilishini yaxshilash uchun yengil (1 ga/450–500 m³ suv bilan) sug‘orib olinadi.
FOSFORLI O‘G‘ITLAR TANQISLIGINI BARTARAF ETISH
Kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish uchun yer tayyorlashda yoki ekish bilan birga fosforli o‘g‘itlar kam berilgan yoki umuman berilmagan g‘alla maydonlariga tarkibida fosfor miqdori ko‘p bo‘lgan suyuq holatdagi biostimulyatorlar bilan gektariga kamida 2 litr hisobida (1–2 va 3–4 barg fazasida) havo harorati 12–15°C bo‘lganda bargdan suspenziya usulida qo‘llash zarur. Bu ozuqaning barg orqali 90–95 foizgacha so‘rilishini ta’minlab, ildiz rivojlanishini 2 barobar kuchaytiradi.
Aziz fermer va dehqonlar!
Barchangizni yuqoridagi tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirishga chorlab, iqtisodiyotimizni yuksaltirishga, ona yurtimiz yanada obod bo‘lishi uchun munosib hissangizni qo‘shishga hamda **“Dolzarb bir oylik”**da g‘allani o‘z muddatlarida parvarishlashga va yuqori hosil olishga da’vat etamiz!
PAXTAKOR TUMAN FERMERLARI KENGASHI RAYOSATI A’ZOLARI
