PAXTAKORLIK UDDABURON AYOL
2026-10-14 11:20:00 / Yangiliklar

PAXTAKORLIK UDDABURON AYOL
Tumaning Toshkent mahallasida istiqomat qiluvchi qahramonimizning xonadonini topish unchalik ham qiyin bo‘lmadi. Tuman markazida joylashgan mahallaga kiraverishda, shundoqqina yo‘l yoqasida joylashgan hovli did bilan ta’mirlangan, xonadonning asosiy qismida ikki qavatlik imorat qad rostlagan, o‘rtada gulxona. O‘zimizning rayhondan tortib, chetdan keltirilgan nomi allambalo gullargacha hovliga ko‘rk berib turibdi. Bu manzaradan avvaliga ishlab chiqarish sexi qayerda bo‘lsa, deb qoldim.
Juda ham xonalar ko‘p ekan, deya ko‘nglimdan o‘tib turgan edi hamki, “8 sotixlik hovlimizning bir tomonini sex, yana bir tomonini uy bog‘chasiga moslab qurganmiz. O‘zimiz shaharda domda yashaymiz”, deb qoldi opa.
Kun kechroq bo‘lib qolganligi sababli “Munira Umid” MChJda bugungi buyurtma allaqachon bajarilib, manzillariga yuborilgan, MChJ rahbari Munira Xoliqova ishchilarining ortiqcha vaqtini olib o‘tirmay, ularga ketishlariga ruxsat bergan ekan. Xonadonning bir tomonidagi eshikdan kirar ekanmiz, keng xonalarda sutni qayta ishlovchi uskunalar joylashtirilgan. Bir burchakda opaning kichikkina ish xonasi.
— Qizim kichiklik vaqtida sog‘lig‘i uchun shifokor tavsiyasiga ko‘ra muntazam qatiq iste’mol qilishi kerak edi. Har kuni bir litrdan qatiq sotib olardik. Kunlarning birida uy sharoitida qatiq tayyorladim. Ham mazali, ham hamyonbop bo‘ldi. Shu tariqa qatiqni uyda tayyorlaydigan bo‘ldim, — deya tadbirkorlikka ilk qadami haqida hikoya qiladi opa.
Munira opaning ehtiyoj yuzasidan tayyorlagan mahsulotiga keyinchalik qo‘shnilar ham qiziqish bildira boshlaydi. Xonadonda boshlangan kichik yumush asta-sekin tadbirkorlikka aylanadi.
Tadbirkorlik ba’zan katta sarmoya yoki murakkab biznes-rejadan emas, oddiy hayotiy ehtiyojdan boshlanishi shu bo‘lsa kerak.
2010-yilda soatiga 50 litr sutni qayta ishlash imkoniyatiga ega kichik separatorda ish boshlagan Munira Xoliqova dastlab mahsulotlarini qo‘shnilarga, keyinchalik qandolatchilik korxonalari va choyxonalarga yetkazib berdi. Xaridorlar ko‘paygani sari ish hajmi ham ortdi.
2019-yilga kelib esa tadbirkor imtiyozli kredit asosida ishlab chiqarish sexini tashkil etib, faoliyatini kengaytirdi. Bugungi kunda korxonadagi to‘qqizta uskuna soatiga bir tonna sutni qayta ishlash imkonini beradi.
“Munira Umid” mas’uliyati cheklangan jamiyatida sutdan 12 xil mahsulot tayyorlanadi. Ular orasida qatiq, kefir, yogurt, tvorog, smetana, suzma, qaymoq, brinza va pishloq mahsulotlari bor. Mahsulot turlari xaridorlar ehtiyoji va mavsumiy talabdan kelib chiqib ishlab chiqariladi.
Korxonada sutni qabul qilish, qayta ishlash, sovitish va sanitariya talablariga rioya etish jarayonlariga alohida e’tibor qaratiladi. Chunki sut tez buziladigan mahsulot. Uni belgilangan haroratda saqlash va o‘z vaqtida qayta ishlash tayyor mahsulot sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Tayyor mahsulotlar, asosan, Paxtakor tumani va Jizzax shahridagi budjet tashkilotlari, maktabgacha ta’lim muassasalari hamda qandolatchilik korxonalariga yetkazib beriladi.
Ishlab chiqarishning avtomatlashtirilgani mehnat unumdorligini oshirgan. Ayni paytda korxonada 10 nafar doimiy ishchi mehnat qiladi. Buyurtmalar ko‘payganida esa qo‘shimcha 12 nafargacha mavsumiy ishchi jalb etiladi. Bu esa mahalliy aholi, xususan, xotin-qizlar uchun daromad topish imkoniyatini yaratadi.
Munira Xoliqova erishilgan natijalar bilan cheklanib qolmoqchi emas. Uning rejalari orasida ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish, sutdan quritilgan mahsulot olish texnologiyasini o‘zlashtirish hamda tabiiy qaymoqdan sariyog‘ tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bor.
Buning uchun korxonaning ikkinchi qavatida qo‘shimcha ishlab chiqarish maydoni tashkil etish va yangi uskunalar o‘rnatish ko‘zda tutilgan. Rejalar amalga oshsa, ishlab chiqarish ko‘lami kengayib, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.
Tadbirkor yana bir muhim tashabbus — chekka hududlarda aholidan sut qabul qilish nuqtalarini tashkil etish imkoniyatlarini ham o‘rganmoqda. Bunday nuqtalarda sutni sovitish va laboratoriya tekshiruvidan o‘tkazish orqali uning sifatini saqlash, aholi yetishtirgan mahsulotni o‘z vaqtida xarid qilish mumkin bo‘ladi. Mazkur tashabbusni amalga oshirish masalalari xorijiy vakillar bilan uchrashuvlarda ham muhokama qilingan.
— Bu ishlarning barchasini amalga oshirishimda menga turmush o‘rtog‘im, o‘g‘lim hamda qizim yelkama-yelka ko‘mak berib kelishdi. Qizim maktabgacha ta’lim yo‘nalishida tahsil olib, o‘zining ta’lim sohasidagi tashabbusini ham boshladi, — deydi u.
Oilaviy tadbirkorlikni kengaytirish maqsadida Munira opaning qizi Ozoda xonadonning bir tomonida 25 o‘rinli uy bog‘chasini tashkil etgan. Kelgusida bog‘chani kengaytirish uchun qo‘shimcha imorat ham qurilish jarayonida ekan.
Ha, qahramonimiz tinimsiz izlanish va mehnati bilan nafaqat o‘zi, balki farzandlarini ham tadbirkorlikka, ishbilarmonlikka boshlab kelmoqda. Bu yo‘nalishda ularda aniq maqsad, katta ishonch va izchillikda yo‘lga qo‘yilgan harakat bor.
