“Elektr, issiqlik energiyasi va gazdan foydalanish qoidalarini buzish”
2026-10-08 09:30:00 / Yangiliklar

“Elektr, issiqlik energiyasi va gazdan foydalanish qoidalarini buzish”
Ma’lumki, Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 31 maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” 319-sonli qaroriga asosan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 61-moddasida oz miqdorda talon-toroj qilish belgilangan. Ushbu moddaning 3-qismida umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni hisobga olish asboblariga, shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoxud hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashish yo‘li bilan elektr energiyasini, tabiiy gazni, sovuq yoki issiq suvni o‘g‘irlash tarzida sodir etilgan oz miqdorda talon-toroj qilish, shuningdek mulkchilik shaklidan qat’i nazar korxona, muassasa, tashkilotlarning ko‘mir yoqilg‘isini o‘g‘irlash, o‘zlashtirish, rastrata qilish, mansab lavozimini suiiste’mol qilish yoki firibgarlik yo‘li bilan oz miqdorda talon-toroj qilganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma besh baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 101-moddasida elektr, issiqlik energiyasi, gazdan foydalanish qoidalarini buzish nazarda tutilgan huquqbuzarlik bo‘yicha ma’muriy javobgarlik belgilangan. Ushbu moddaning 1-qismida uUmumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki ulardan foydalanish qoidalarini boshqacha tarzda buzish yoxud elektr, issiqlik energiyasi, tabiiy gazni hisobga olish asboblariga shu jumladan ularning plombalariga qasddan shikast yetkazish yoki bunday hisobga olish asboblarining ko‘rsatkichlarini o‘zgartirish maqsadida ularga tashqaridan aralashganlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarida qurilgan binolar hamda inshootlarni elektr energiyasi, issiqlik va gaz ta’minoti tashkilotlari tomonidan elektr, issiqlik va gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulaganlik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yetmish baravaridan sakson besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Jizzax viloyat sudi sudyasi O.Esanov
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Paxtakor tuman sudi raisi K.Mavlanov
Jinoyat ishlari bo‘yicha
Paxtakor tuman sudining tergov sudyasi M.M.Jo‘raev
