Rasmiy munosabat
2026-09-19 10:00:00 / Yangiliklar

📢 RASMIY MUNOSABAT
Paxtakor tumanida tashkil etilgan yon yo‘lak va pullik avtoturargoh yuzasidan
Ijtimoiy tarmoqlarda Paxtakor tumani hududidan o‘tuvchi D-047 “Jizzax–Gagarin” avtomobil yo‘li bo‘yida tashkil etilgan yon yo‘lak (karmashka) hamda pullik avtoturargoh faoliyati yuzasidan turli fikr va munosabatlar bildirilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
Paxtakor tumani hududidan o‘tuvchi avtomobil yo‘lida transport vositalari harakatini tartibga solish, asosiy avtomobil yo‘liga tushayotgan yuklamani kamaytirish hamda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida tuman zaxirasidagi yer maydonida yon yo‘lak (karmashka) tashkil etilgan.
Mazkur yo‘l “Megatek Injiniring” MChJ tomonidan ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari asosida qurilgan va belgilangan tartibda foydalanib kelinmoqda.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 26-dekabrdagi PQ-387-son qarori talablari asosida mazkur hududda zamonaviy pullik avtoturargoh tashkil etilgan.
⚖️ PULLIK AVTOTURARGOH FAOLIYATINING HUQUQIY ASOSI
Avtoturargoh faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 31-iyuldagi 213-son qarori bilan tasdiqlangan “Avtomototransport vositalarini doimiy va vaqtincha saqlash joylarini tashkil etish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi Nizom talablari asosida amalga oshiriladi.
Mazkur Nizomning 4-bandiga muvofiq, avtomobillar to‘xtash joyi avtomototransport vositalarini doimiy va vaqtincha saqlash uchun mo‘ljallangan bino, inshoot yoki maxsus ochiq maydon hisoblanadi.
Nizomning 16-bandiga ko‘ra, avtomototransport vositalarini saqlash xizmatlari uchun to‘lov xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxs tomonidan belgilanadigan tariflar asosida amalga oshiriladi, bunda tarif tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi tomonidan ushbu xizmat turi uchun belgilangan cheklangan miqdordan oshmasligi lozim.
Nizomning 17-bandida esa vaqtincha saqlash bo‘yicha xizmatlar uchun hisob-kitob qilish tartibi, jumladan, fiskal xotirali nazorat-kassa mashinasi yoki plastik kartochkalar orqali to‘lovni qabul qilish talablari belgilangan.
Eng muhimi, Nizomning 23-bandiga muvofiq, avtomototransport vositalarini saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar vaqtincha saqlash bo‘yicha pulli xizmatlar ko‘rsatish huquqi uchun O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksida belgilangan tartibda tegishli soliq va yig‘imlarni to‘laydi.
Nizomning 25-bandiga asosan, avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish huquqi uchun yig‘im miqdori xalq deputatlari tegishli tuman (shahar) Kengashi tomonidan belgilanadi.
Shuningdek, Nizomning 26-bandida avtomototransport vositalarini vaqtincha saqlash faoliyati bilan bir qatorda boshqa faoliyat turlarini amalga oshiruvchi yuridik shaxslar faoliyatning tegishli turlari bo‘yicha alohida hisob yuritishi hamda tegishli soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni qonunchilikda belgilangan tartibda to‘lashi shartligi belgilangan.
💰 MAHALLIY BUDJET VA SOLIQ TUSHUMLARI
Shundan kelib chiqib, pullik avtoturargoh faoliyatidan olinadigan tushumlar belgilangan tartibda rasmiy hisobga olinadi. Faoliyat turiga muvofiq tegishli soliqlar, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar qonunchilikda belgilangan tartibda undiriladi.
Mazkur faoliyatning qonuniy va shaffof tashkil etilishi natijasida budjet tushumlarini ta’minlash, hudud infratuzilmasini rivojlantirish hamda transport xizmatlarini tartibli tashkil etish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratiladi.
📌 TADBIRKORLAR FAOLIYATIGA TO‘SQINLIK QILINMAYDI
Shuningdek, Paxtakor tumani markazining tasdiqlangan bosh rejasiga ko‘ra, mazkur yer maydonlari umumiy foydalanishdagi hududlar sifatida belgilangan bo‘lib, ular ushbu hududdagi tadbirkorlarning savdo do‘konlariga tegishli yer maydonlari hisoblanmaydi.
Muhim jihat: mazkur yon yo‘lakda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning qonuniy savdo faoliyatini amalga oshirishi, shuningdek, savdo do‘konlariga tovarlarni olib kelishi va olib chiqishi uchun to‘sqinliklar yaratilmagan.
Tadbirkorlik subyektlari o‘z faoliyatini qonunchilik talablariga muvofiq davom ettirishlari mumkin.
❗ XULOSA
Paxtakor tumani hokimligi tomonidan tashkil etilgan mazkur yon yo‘lak va pullik avtoturargoh transport harakatini tartibga solish, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, avtomobillarni tartibli joylashtirish hamda amaldagi qonunchilik talablarini ta’minlash maqsadlariga xizmat qiladi.
Avtoturargoh faoliyatidan undiriladigan to‘lovlar va yig‘imlar qonunchilikda belgilangan tartibda rasmiylashtiriladi, tegishli soliqlar va majburiy to‘lovlar hisoblanadi.
Tuman hokimligi bundan buyon ham tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, fuqarolar uchun qulay shart-sharoit yaratish, transport harakatini tartibga solish, budjet tushumlarini qonuniy asosda ta’minlash va hudud infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rib boradi.
