GIYOHVANDLIK TUSHUNCHASI, TURLARI VA UNING OLDINI OLISH CHORALARI
2026-09-11 11:30:00 / Yangiliklar

Inson salomatligi va uning farovon hayoti jamiyat taraqqiyotining eng muhim mezonlaridan biridir. Biroq bugungi kunda inson hayoti, ayniqsa, yoshlar kelajagiga jiddiy xavf solayotgan illatlardan biri — giyohvandlikdir.
Giyohvandlik insonning nafaqat jismoniy salomatligiga, balki uning ruhiyati, oilaviy munosabatlari, mehnat qobiliyati va ijtimoiy hayotiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Eng achinarlisi, giyohvandlik ko‘pincha insonning bir martalik qiziqishi yoki noto‘g‘ri tanlovidan boshlanib, keyinchalik uning hayotini jiddiy o‘zgartirib yuborishi mumkin.
Giyohvandlik — giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarni muntazam yoki suiiste’mol qilish natijasida insonda ularga nisbatan kuchli ruhiy va jismoniy qaramlik shakllanishi bilan bog‘liq holatdir. Giyohvandlikning eng xavfli jihati shundaki, inson dastlab o‘z xohishi bilan modda qabul qilayotgandek tuyuladi. Vaqt o‘tishi bilan esa organizm va ruhiyat unga moslashib, moddaga bo‘lgan ehtiyoj kuchayadi. Natijada inson o‘zini boshqara olmay qolishi, sog‘lig‘i va yaqinlaridan uzoqlashishi, o‘qish yoki ishiga befarq bo‘lishi mumkin.
Giyohvandlik bilan bog‘liq moddalar ta’siri va kelib chiqishiga ko‘ra turlicha bo‘ladi. Ular orasida:
- O‘simlik asosidagi giyohvandlik vositalari — kanabis, ko‘knor kabi o‘simliklardan olinadigan moddalar.
- Opioidlar — organizmda kuchli qaramlikni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan moddalar.
- Sintetik giyohvandlik vositalari — kimyoviy usulda tayyorlanadigan va ko‘pincha inson organizmiga juda xavfli ta’sir ko‘rsatadigan moddalar.
- Psixotrop moddalar — insonning markaziy asab tizimi va ruhiy holatiga ta’sir ko‘rsatuvchi moddalar.
- Yangi turdagi psixoaktiv moddalar — tarkibi va ta’siri tez o‘zgarib turadigan, ayniqsa yoshlar orasida tarqalishi xavfli bo‘lgan moddalar.
Bunday moddalarning nomi yoki tashqi ko‘rinishi turlicha bo‘lishi mumkin. Ammo ularning umumiy jihati — inson ruhiyati va sog‘lig‘iga jiddiy zarar yetkazishi, qaramlikni yuzaga keltirishi bilan bog‘liq.
Giyohvandlik oqibatlari faqat uni iste’mol qilgan shaxsning o‘zi bilan cheklanib qolmaydi. Bu muammo butun oila va jamiyatga ta’sir qiladi. Giyohvandlik natijasida insonda:
- sog‘liq bilan bog‘liq jiddiy muammolar;
- ruhiy holatning o‘zgarishi;
- o‘qish va mehnat qobiliyatining pasayishi;
- oilaviy munosabatlarning buzilishi;
- ijtimoiy muhitdan uzoqlashish;
- huquqbuzarlik sodir etish xavfining ortishi
kabi salbiy holatlar yuzaga kelishi mumkin.
Ayniqsa, yosh organizm giyohvandlikning zararli ta’siriga nisbatan o‘ta ta’sirchan bo‘ladi. Shuning uchun yoshlarni bu illatdan asrash profilaktika ishlarining eng muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Yoshlarning giyohvandlikka aralashib qolishida turli omillar sabab bo‘lishi mumkin. Jumladan, noto‘g‘ri do‘stlar davrasi, oiladagi e’tiborsizlik, bo‘sh vaqtni mazmunsiz o‘tkazish, turli yolg‘on va’dalarga hamda ta’sirlarga ishonish, hayotiy qiyinchiliklardan noto‘g‘ri yo‘l bilan qochishga urinish shular jumlasidandir.
Ba’zan “bir marta sinab ko‘rishdan hech narsa bo‘lmaydi” degan xato fikr ham insonni xavfli yo‘lga boshlashi mumkin. Aslida esa giyohvandlikda eng katta xavf ana shu “bir marta”dan keyin boshlanishi ehtimolidadir.
Giyohvandlikka qarshi kurashda faqat jazo choralariga tayanish yetarli emas. Eng muhimi — uning oldini olish va insonni giyohvandlikka olib boruvchi muhitdan himoya qilishdir.
Buning uchun:
Birinchidan, oilada farzand bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, uning muammolari va do‘stlari bilan qiziqish muhim.
Ikkinchidan, ta’lim muassasalarida giyohvandlikning zararli oqibatlari haqida yoshlarga tushunarli va ishonarli tarzda profilaktik tadbirlar o‘tkazish zarur.
Uchinchidan, yoshlarni sport, madaniyat, kitobxonlik, kasb-hunar va boshqa foydali mashg‘ulotlarga keng jalb qilish kerak.
To‘rtinchidan, internet va ijtimoiy tarmoqlarda giyohvandlikni targ‘ib qiluvchi yoki uni oddiy hol sifatida ko‘rsatuvchi axborotlarga qarshi axborot-tushuntirish ishlarini kuchaytirish lozim.
Beshinchidan, giyohvandlikka qaram bo‘lib qolgan shaxslarga nisbatan faqat jazolovchi emas, balki tibbiy va psixologik yordamga asoslangan yondashuv ham muhim ahamiyatga ega.
Giyohvandlikka qarshi kurash huquqni muhofaza qiluvchi organlar, tibbiyot xodimlari yoki ta’lim muassasalarininggina vazifasi emas. Bu — oila, mahalla, ta’lim muassasasi va butun jamiyatning umumiy vazifasidir.
Farzandga giyohvandlikning zarari haqida gapirishdan ko‘ra, uning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, unga e’tibor berish, muammolarini eshitish va to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish ko‘p hollarda yanada samarali natija beradi.
Zеро, giyohvandlikka qarshi eng kuchli vosita — sog‘lom muhit, to‘g‘ri tarbiya, bilim va ogohlikdir.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Do‘stlik tuman suding terov sud’yasi S.Maxmudov
