“ETEFON” TARKIBLI PREPARATINI BELGILANGAN ME’YORLARDAN KAM SEPGAN VA KECHKI G‘O‘ZA MAYDONLARIDA ISHLOVLARNI TABAQALASHTIRIB O‘TKAZISH BO‘YICHA TAVSIYA
2026-08-24 10:30:00 / Yangiliklar

G‘o‘za maydonlarida “Etefon” tarkibli preparatlarni qo‘llashdan asosiy maqsad g‘o‘zaga “qarish signali”ni berish, o‘simlikning mavsum davomida to‘plagan ozuqa moddalarini mavjud ko‘sak, chigit va tolaga yo‘naltirish, hosilni kuzgi sovuq va yog‘ingarchilik kunlariga qoldirmasdan pishirib, ko‘saklarning ochilishini tezlashtirishdan iborat.
“Etefon” belgilangan me’yorda va sifatli sepilganda 5–6 kun ichida uning ta’siri dalada yaqqol ko‘rina boshlaydi. G‘o‘za barglarida qarish va qizarish belgilari paydo bo‘ladi, yashillik pasayadi, ko‘saklar to‘lishib-yiriklashadi, chigit va tolaning pishishi jadallashib, ko‘saklarning ochilish jarayoni tezlashadi.
Ayrim fermer xo‘jaliklarida “Etefon” belgilangan me’yordan kam sepilganligi sababli uning ta’siri yetarli darajada namoyon bo‘lmagan maydonlar mavjud. Shu sababli 2-bosqich defoliatsiya tadbirlarini barcha maydonlarda bir xil emas, balki dalaning holatidan kelib chiqib tabaqalashtirib o‘tkazish tavsiya etiladi.
ETEFON TA’SIRI YAXSHI BO‘LGAN MAYDONLAR
- g‘o‘za barglarida qarish va qizarish belgilari yaqqol ko‘rinsa;
- o‘simlikning yashilligi pasaygan bo‘lsa;
- ko‘saklar yiriklashib, to‘lishgan bo‘lsa;
- pastki va o‘rta yarusdagi ko‘saklar ochilishi tezlashgan bo‘lsa bunday maydonlarga qo‘shimcha “Etefon” sepish talab etilmaydi.
ETEFON KAM SEPILGAN VA TA’SIRI SUST BO‘LGAN MAYDONLAR
Agar birinchi ishlovdan keyin ham g‘o‘za quyidagi holatda bo‘lsa:
▶ yashil holatda saqlanib qolgan;
▶ barglarda qarish va qizarish belgilari juda kam;
▶ ko‘saklar yetarlicha yiriklashmagan;
▶ ko‘saklarning to‘lishi va ochilishi sekin kechayotgan bo‘lsa — “Etefon” ta’siri yetarli emas.
Ushbu maydonlarda 2-bosqichda sepiladigan tidiazuron + diuron 54% — 100 g/ga preparati bilan birgalikda 72%li “Etefon” bo‘lsa kamida 1,0 l/ga yoki 48% li “Etefon” bo‘lsa kamida 2,0 l/ga qo‘shib qo‘llash zarur.
Bunda Etefon g‘o‘zaga “qarish signali”ni kuchaytiradi va keyingi 4–5 kun davomida o‘simlikdagi ozuqa moddalarining ko‘saklarga yo‘nalishini jadallashtiradi.
Natijada ko‘saklar to‘lishib, chigit va tolaning pishishi tezlashadi, ko‘sak vazni oshadi va ochilish jarayoni jadallashadi.
Shuning uchun dalada Etefon ta’sirini faqat sepilgan preparat miqdoriga qarab emas, balki g‘o‘zaning tashqi ko‘rinishi va ko‘saklarning holatiga qarab baholash muhim.
KECH EKILGAN VA TAKRORIY G‘O‘ZA MAYDONLARIDA
Kech ekilgan va takroriy (qayta ekilgan) g‘o‘za maydonlarida vegetatsiya va ko‘saklarning pishib yetilishi asosiy maydonlarga nisbatan kech boradi.
Sentyabr oyiga kelib kunlar qisqaradi, tungi va kunduzgi havo harorati pasayadi. Harorat pasayishi bilan g‘o‘zadagi fiziologik va biokimyoviy jarayonlar ham sekinlashadi. Natijada kechki maydonlarda ko‘saklarning tabiiy pishishi va ochilishi uchun vaqt yanada qisqaradi.
Shu sababli havo harorati pasayishini hisobga olgan holda kechki va takror ekilgan maydonlarda “Etefon” me’yori oshirib qo‘llanadi.
|
Bunda quyidagi me’yor bo‘yicha tavsiya etiladi: 72% li “Etefon” — 2,5–3,0 l/ga 48% li “Etefon” — 4,5–5,0 l/ga |
Kechki maydonlarda asosiy maqsad — qolgan qisqa issiq kunlardan samarali foydalanib, g‘o‘zaga o‘z vaqtida “qarish signali”ni berish va mavjud ko‘saklarni sovuq tushishidan oldin pishirib, ochilishini tezlashtirishdir.
IShChI ARALAShMANI TAYYoRLASh
“Etefon” kam sepilgan va ta’siri sust bo‘lgan maydonlarda 2-bosqich ishlovi uchun gektariga 300 litr ishchi eritma tayyorlash maqbul hisoblanadi.
1 ga uchun: 300 l ishchi eritma tidiazuron + diuron 54% — 100 g hamda + 72% “Etefon” kamida 1 l yoki 48% “Etefon” kamida 2 l qo‘shib qo‘llaniladi.
- Idishga belgilangan suv miqdorining taxminan yarmi quyiladi.
- Aralashtirgich ishga tushiriladi.
- Tidiazuron + diuron 54% preparati gektariga 100 gramm hisobidan suv bilan yaxshilab aralashtirilib, idishga qo‘shiladi.
- Keyin 72% li “Etefon”dan kamida 1 litr/ga yoki 48% li “Etefon”dan kamida 2 litr/ga hisobida qo‘shiladi.
- Qolgan suv quyilib, ishchi eritma belgilangan hajmga yetkaziladi.
- Preparatlar ishchi eritmada bir tekis tarqalishi uchun aralashma yaxshilab aralashtiriladi.
IShLOV SIFATI UChUN MUHIM ShARTLAR
Preparatni bir joyga ko‘p, boshqa joyga kam tushirishga yo‘l qo‘ymaslik uchun purkagichlar ish boshlanishidan oldin sozlanib, ishchi eritmaning dalaga bir tekis sepilishi ta’minlanishi lozim.
“Etefon” va defoliantlarning samarali ishlashi uchun dalada yetarli namlik bo‘lishi muhim. Ishlov davrida tuproq namligi 60–70 foiz atrofida bo‘lishi maqbul hisoblanadi.
Ishchi eritmaning har bir gektarga belgilangan me’yorda va bir tekis tushishi preparatlarning samaradorligida eng muhim omillardan biri hisoblanadi.
IQTISODIY SAMARA
1 gektarda 220 ming tup g‘o‘za va har bir tupda o‘rtacha 9 tadan bo‘liq ko‘sak bo‘lsa, qariyb 1 mln 980 ming dona ko‘sak shakllanadi.
Har bir ko‘sakdagi paxta vazni o‘rtacha 1 grammga oshsa:
1 980 000 × 1 gramm = 1 980 kg yoki 19,8 sentner qo‘shimcha hosil.
1 980 kg × taxminiy 8 000 so‘m = 15 840 000 so‘m qo‘shimcha daromad.
Bundan tashqari, Etefon qo‘llanilganda ko‘saklarning 90-95 foizi bir vaqtda, lo‘ppi bo‘lib ochiladi. Fermer dalaga bor ishchi kuchini yoki kombaynni atigi bir marta kiritadi va yalpi hosilni birdaniga yig‘ib oladi.
Etefon yordamida erta pishgan paxta kuzgi loy, namgarchilik va sovuqlarga qolmaydi. U mutlaqo quruq, toza va oq bo‘lib, yuqori navli (1-sort) hisoblanadi.
Paxta etefon hisobiga vaqtli va bir martada yig‘ilgani bois, yer tez bo‘shatiladi va kuzgi bug‘doy optimal agrotexnik muddatda ekiladi. Bu keyingi yilgi g‘alla hosildorligini 10-15% ga oshiradi.
Yuqoridagi barcha omillarga aosan etefon fermerga 16 708 000 so‘m sof iqtisodiy naf bo‘lib qaytadi.
ENG MUHIM: HAR BIR DALA HOLATIGA QARAB TABAQALAShTIRILADI
Etefon ta’siri yaxshi bo‘lsa — qo‘shimcha Etefon sepilmaydi.
Ta’siri sust bo‘lsa — 2-bosqichda tidiazuron + diuronga Etefon qo‘shib qo‘llanadi.
Kechki maydonlarda — havo harorati pasayishi hisobga olinib, oshirilgan me’yor qo‘llanadi.
