O‘ZBEKISTON FERMERLARI KENGASHINING “DALA MADANIYATI – FERMER MAJBURIYATI” ASOSIDA DALA CHETLARIGA CHORVACHILIK MAJMUALARINI QURILISHI YUZASIDAN MUROJAATI
2026-08-06 10:00:00 / Yangiliklar

O‘ZBEKISTON FERMERLARI KENGASHINING “DALA MADANIYATI – FERMER MAJBURIYATI” ASOSIDA DALA CHETLARIGA CHORVACHILIK MAJMUALARINI QURILISHI YUZASIDAN MUROJAATI
Hurmatli fermerlar!
Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar doirasida chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish, unda zamonaviy va samarali usullarni joriy etish, shuningdek, fermer xo‘jaliklarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.
Shu munosabat bilan, davlatimiz rahbari tomonidan qabul qilingan qator normativ-huquqiy hujjatlar asosida fermer xo‘jaliklariga dala chetlaridan samarali foydalanish uchun keng imkoniyat va imtiyozlar yaratilgan.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 31-oktabrdagi «Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ–322-son qaroriga muvofiq, ozuqabop ekinlar yetishtirish uchun 49 yil muddatga ijaraga berilgan yer uchastkalarida, shuningdek, paxtachilik-g‘allachilik va chorvachilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklarining kamida 10 gektar yer maydonining 1 foizi, biroq 20 sotixdan oshmagan qismida yirik va mayda shoxli qoramollarni saqlash uchun yengil konstruksiyali binolar, suv rezervuarlari hamda ozuqa saqlash omborxonalarini qurishga ruxsat berilgan.
Mazkur imtiyozlar fermer xo‘jaliklariga chorvachilik faoliyatini yanada rivojlantirish, mavjud yer maydonlaridan oqilona va samarali foydalanish, shuningdek, chorva mollari uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish imkonini beradi.
Shuningdek, mazkur qarorga asosan fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari tomonidan dala chetlarida chorva mollarini saqlash uchun yengil konstruksiyali binolar, suv rezervuarlari va ozuqa saqlash omborxonalarini qurish hamda ulardan belgilangan tartibda foydalanish nazarda tutilgan.
Hurmatli fermerlar!
Sizlarni yaratilgan mazkur imkoniyat va imtiyozlardan samarali foydalanishga, chorvachilikni rivojlantirish orqali ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlashga munosib hissa qo‘shishga chaqiramiz.
