Paxtakor tumanida sport yulduzlari va ularning ota-onalari taqdirlandi
2026-07-13 10:00:00 / Yangiliklar

🏆 Paxtakor tumani hokimi Xusan Abduvoxidov Bo‘ltakovich tumanda sport sohasida yuksak natijalarga erishib, yurtimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qilayotgan sportchilar hamda ularning ota-onalari bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan Prezident olimpiadasi, “Besh tashabbus olimpiadasi”, shuningdek, Osiyo chempionatlari va Osiyo kubogi musobaqalarida yuqori natijalarni qo‘lga kiritgan yosh sportchilar e’tirof etilib, ularga va ularning ota-onalariga tashakkurnomalar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Taqdirlangan sportchilar:
🥊 Xayrullayev Jasur Maruf o‘g‘li — boks sport turi bo‘yicha Osiyo chempioni.
🏃♀️ Otabekova Bahora Otabek qizi — yengil atletika sport turi bo‘yicha Prezident olimpiadasi sovrindori.
🤼♀️ Isroilova Sevinch Hikmat qizi — sambo sport turi bo‘yicha Osiyo chempionati g‘olibi, 1-o‘rin sohibasi.
🥋 Mamatova Rayhona Baxtiyor qizi — dzyudo sport turi bo‘yicha ikki karra Osiyo chempioni.
🥋 Hasanova Dilruh Hilmurod qizi — dzyudo sport turi bo‘yicha Osiyo kubogi 1-o‘rin sohibasi.
Tadbirda yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishini qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro maydonlardagi muvaffaqiyatlarini e’tirof etish hamda bunday yutuqlarda ota-onalarning o‘rni beqiyos ekani alohida ta’kidlandi.
Paxtakor tumani hokimligi barcha sportchilarimizni erishgan yutuqlari bilan samimiy muborakbod etadi hamda ularga kelgusidagi musobaqalarda ham ulkan zafarlar tilaydi.









