PAXTAKOR TUMANI HOKIMINING DAVLAT XIZMATCHILARIGA MUROJAATI
2026-07-08 10:00:00 / Yangiliklar

Hurmatli davlat xizmatchilari!
Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir. Muhtaram Prezidentimiz rahbarligida davlat boshqaruvi tizimida ochiqlik, shaffoflik, qonun ustuvorligi va halollik tamoyillarini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Bu islohotlarning asosiy maqsadi — korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga barham berish, uning kelib chiqishiga sabab bo‘luvchi omillarni bartaraf etish hamda davlat xizmatida halollik, mas'uliyat va javobgarlikni yanada kuchaytirishdan iborat.
Davlat xizmatchisi, eng avvalo, xalq ishonchini oqlashi, o‘z xizmat vazifalarini vijdonan, xolis va qonuniy asosda bajarishi lozim. Hech bir mansab yoki vakolat shaxsiy manfaatlar yo‘lida foydalanish vositasiga aylanmasligi kerak. Manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslik, xizmat intizomi va kasb odobiga qat'iy rioya etish har birimizning burchimizdir.
Ayniqsa, davlat xaridlari, byudjet mablag‘laridan foydalanish, davlat mulkini boshqarish, kadrlarni tanlash, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish hamda davlat xizmatlarini ko‘rsatish jarayonlarida shaffoflik, adolat va qonuniylik tamoyillariga so‘zsiz amal qilish zarur.
Har bir davlat xizmatchisi korrupsiyaning oldini olishda shaxsiy mas'uliyatni chuqur his etishi lozim. Noqonuniy manfaat taklif etilishi, korrupsiyaga undash yoki shunga o‘xshash holatlarga duch kelganda bu haqda zudlik bilan rahbariyatga yoki vakolatli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga qonunchilikda belgilangan tartibda xabar berish fuqarolik va xizmat burchidir.
Shuni alohida ta'kidlaymanki, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni yashirish, ular haqida xabar bermaslik yoki bunday holatlarga sherik bo‘lish amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Hurmatli hamkasblar!
Oldimizda turgan eng muhim vazifa — fuqarolarga sifatli, tezkor va adolatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish, ularning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlash hamda «Halollik — eng oliy qadriyat» tamoyilini kundalik faoliyatimizning ajralmas mezoniga aylantirishdir.
Barchangizni xizmat vazifalaringizni sidqidildan bajarishga, O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga so‘zsiz rioya etishga, korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga nisbatan murosasiz bo‘lishga, xizmat intizomi va kasb odobi qoidalariga qat'iy amal qilishga chaqiraman.
Ishonchim komilki, halol, mas'uliyatli va fidokorona mehnat orqaligina xalqimiz ishonchini oqlaymiz, Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga hamda Paxtakor tumanining yanada ravnaq topishiga munosib hissa qo‘shamiz.
Hurmat bilan,
Xusan ABDUVOXIDOV
Paxtakor tumani hokimi
