O‘zbekiston delegatsiyasi qohira suv haftaligida ishtirok etmoqda
2025-10-14 10:15:00 / Yangiliklar

Unda O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev boshchiligida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
Kohira suv haftaligi suv resurslarini boshqarish masalalarini muhokama etuvchi eng nufuzli mintaqaviy va xalqaro platformalardan biri hisoblanadi. Bu yilgi anjuman “Iqlim va suv barqarorligi uchun innovatsion yechimlar” shiori ostida o‘tkazilmoqda hamda mintaqaviy va global suv xavfsizligi muammolariga yechim topishga qaratilgan.
Tadbirda dunyoning ko‘plab davlatlaridan suv xo‘jaligi bo‘yicha yetuk mutaxassislar, vazirlar, hukumat vakillari bilan birga BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO), Taraqqiyot dasturi (UNDP) kabi xalqaro tashkilotlar ham faol ishtirok etmoqda.
Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi anjuman ishtirokchilariga videomurojaat yo‘lladi. As-Sisi transchegaraviy daryolar mamlakatlarni ajratuvchi emas, balki ularni birlashtiruvchi hayot manbai va hamkorlik ko‘priklari ekanligini ta’kidladi. Suv resurslariga ortib borayotgan talab, tanqislik sharoitida va iqlim o‘zgarishlari ta’siriga qarshi kurashishda innovatsiyalar, tadqiqotlar va hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi.
Tadbirning ochilishida Misr Arab Respublikasi Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Hani Suvaylamning ta’kidlashicha, Kohira suv haftaligining sakkiz yil davomida uzluksiz o‘tkazib kelinayotgani Misrning suv masalalarida mintaqaviy va xalqaro muloqotni rivojlantirishga sodiqligini ko‘rsatadi.
Haftalik doirasida suv xo‘jaligi va irrigatsiyaning zamonaviy texnologiyalariga bag‘ishlangan ko‘rgazma tashkil etilgan. Unda tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarining yangi modellari, avtomatlashtirilgan suv hisoblagichlari, sensorli boshqaruv uskunalari, suvni qayta ishlash, drenaj va suv zaxiralarini saqlash bo‘yicha innovatsion yechimlar namoyish etilmoqda.
O‘zbekiston va Misr delegatsiyalari o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazildi. Muloqot chog‘ida buyuk ajdodimiz Ahmad al-Farg‘oniy tomonidan Misrda yaratilgan Nilometr va uning bir necha yuz yillar davomida misrliklar uchun qanchalik foyda bergani e’tirof etildi.
O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar — Suv kodeksining qabul qilinishi, suv resurslarini boshqarish va irrigatsiya sektorini rivojlantirishning 2025-2028-yillarga mo‘ljallangan dasturi, 2 500 kmdan ortiq irrigatsiya tarmoqlarini rekonstruksiya qilish rejalari, 1,4 mln ga maydonda tomchilatib sug‘orish tizimlarini joriy etish va 2025-yilida taxminan 10 mlrd kub metr suv tejash maqsadlari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida tomonlar tajriba almashish, treninglar o‘tkazish va qo‘shma pilot loyihalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy kelishuvlarga erishdilar.
Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi qator ikki tomonlama uchrashuvlar ham o‘tkazdi.


