O‘zbekiston va Fransiya: qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlik aloqalari mustakamlanmoqda
2025-10-07 15:25:00 / Yangiliklar

Suhbat chog‘ida ikki mamlakat o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, mavjud loyihalarning joriy holatini baholash va istiqboldagi yo‘nalishlarni belgilash masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, innovatsion texnologiyalarni joriy etish, shuningdek, import-eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidladilar.
Muzokaralarda, xususan, sut ishlab chiqarish sohasidagi qo‘shma loyiha alohida e’tiborga olinib, uning samaradorligini oshirish bo‘yicha amaliy takliflar ilgari surildi. Shuningdek, chorvachilikda genetika yo‘nalishini rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlar va innovatsion ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash, hamda logistika infratuzilmasini takomillashtirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi.
Vazir o‘z nabatida mamlakatimiz viloyatlarining imkoniyatlariga alohida to‘xtalib, bir qator hududlarni logistika markazi sifatida rivojlantirish istiqbollari haqida so‘z yuritdi. Unga ko‘ra, joylarda ishlab chiqarish zanjiri va eksport salohiyatini oshirish uchun barcha zarur sharoitlar mavjud.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi amaldagi hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va mavjud loyihalarni izchil amalga oshirishga kelishib oldilar.


