O‘zbekiston – AQSH: Tibbiyot yo‘nalishidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi
2025-09-02 15:25:00 / Yangiliklar

Muloqot avvalida Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov yuqori martabali mehmonni yurtimizga tashrifi bilan qutlab, keyingi yillarda davlatlarimiz o‘rtasida tibbiyot sohasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib borayotganligini qayd etdi.
O‘z navbatida, P.Zampolli O‘zbekistonda barcha sohalar qatori, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi.
Uchrashuv davomida tomonlar AQSH kompaniyalari bilan birgalikda dori-darmon va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, tibbiyot muassasalarini boshqarish, mutaxassislarni o‘qitish va ularning malakasini oshirish, yurtimizdagi shifoxonalarni yuqori texnologiyali uskunalar bilan ta’minlash masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, AQSH standartlari asosida o‘rta tibbiyot xodimlarini tayyorlash dasturini ishlab chiqish va keyinchalik ushbu mutaxassislarni qonuniy asosda xorijda ish bilan ta’minlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Muloqot yakunida P. Zampolli O‘zbekiston AQSH uchun mintaqadagi ishonchli strategik hamkor ekanini ta’kidlab, Amerika tomoni sog‘liqni saqlash sohasiga doir shu kabi istiqbolli loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi.

