Qishloq xo‘jaligida raqamli yondashuv: xalqaro hamkorlik va innovatsiyalar
2025-08-07 09:15:00 / Yangiliklar

Sessiyada Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda FAO vakili Kristina Alderig‘i moderator sifatida ishtirok etdi. Tadbirda shuningdek, FAO Innovatsiyalar ofisi vakili Angelika Ushimana, Turkmaniston qishloq xo‘jaligi vaziri Chariyar Chetiev, BMT Texnologiyalar banki direktori Deodat Maharaj, FAO Baliqchilikni rivojlantirish ofisi vakili Omar Penarubia kabi yuqori martabali mehmonlar qatnashdi.
Tadbir doirasida FAO tomonidan 60 dan ortiq mamlakatlarda qishloq xo‘jaligida raqamlashtirish va innovatsiyalar bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar taqdim etildi. Markaziy Osiyo mamlakatlarida ushbu sohadagi tajribalar, muvaffaqiyatlar va istiqbollar yuzasidan fikr almashildi.
Vazir Ibrohim Abdurahmonov so‘zga chiqib, O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar, raqamli yechimlarni joriy etish, samaradorlikni oshirish va sohani modernizatsiya qilishda innovatsion menejmentning ahamiyati haqida ma’lumot berdi.
Sessiya yakunida Turkmaniston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ch. Chetiev bilan ikki tomonlama uchrashuv o‘tkazilib, O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Xususan, yuqori darajadagi tashriflar davomida erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosiga alohida e’tibor qaratildi.


