UNFSS+4: O‘zbekiston HECI tamoyillarini ustuvor yo‘nalish sifatida ilgari surmoqda
2025-07-28 16:55:00 / Yangiliklar

Mazkur sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov nutq so‘zladi.
O‘z chiqishida vazir mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli agrar islohotlar, bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich o‘tish jarayoni, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va barqaror rivojlanish bo‘yicha erishilayotgan natijalar haqida ma’lumot berdi.
Jumladan, har yili 4 milliard dona oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilayotgani, paxtachilik strategiyasi doirasida yuqori qiymatli mahsulotlar yetishtirilayotgani, so‘nggi yillarda agrosanoat sohasiga 3 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb etilgani va 1 million gektar yer maydonida suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgani ta’kidlab o‘tildi.
Taqdimot davomida vazir O‘zbekistonda HECI (Humanity, Ethics, Creativity and Imagination) — ya’ni sog‘lom, teng huquqli, iqlim va tabiatga mos hamda inklyuziv tamoyillar qishloq xo‘jaligida ustuvor yo‘nalish sifatida tatbiq etilayotganini alohida qayd etdi. Bu borada insonparvarlik, etik yondashuvlar, innovatsion yechimlar, iqlim o‘zgarishiga moslashuv hamda inson kapitaliga yo‘naltirilgan sarmoyalar muhim o‘rin tutayotgani bildirildi.
Eslatib o‘tamiz, “UNFSS+4” sammiti 2025-yil 27–29-iyul kunlari bo‘lib o‘tadi. Unda BMTga a’zo davlatlar vakillari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy doiralar, xususiy sektor va fuqarolik jamiyati vakillari ishtirok etmoqda.

