Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vazirligi, “SOCAR” va “Oʻzbekneftgaz” AJ oʻrtasida mahsulot taqsimotiga oid Bitim imzolandi
2025-07-24 12:05:00 / Yangiliklar

Ushbu Bitim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning uzoqni koʻra bilishi va qatʼiyatining yorqin dalilidir. Ularning siyosiy irodasi va ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashga boʻlgan shaxsiy intilishi mamlakatlar oʻrtasidagi strategik hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga imkon berdi. Bitimning imzolanishi Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi energetika sohasidagi sheriklikni rivojlantirishda muhim qadam boʻldi hamda uglevodorod resurslarini qidirish va oʻzlashtirish sohasida uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam zamin yaratdi.
Bitim shartlariga muvofiq, 1,0 ming kvadrat kilometrdan kam boʻlmagan maydonda 3D seysmorazvedka ishlarini olib borish va natijalarga koʻra bitta quduqda geologiya-qidiruv ishlarini boshlash rejalashtirilgan. Sanoat ahamiyatiga ega uglevodorod konlari topilgan taqdirda, tomonlar ularni oʻzlashtirish va keyinchalik qazib olish bosqichiga kirishadilar.
Rovshan Nadjaf, SOCAR kompaniyasi prezidenti:
“Ushbu Bitimning imzolanishi Markaziy Osiyo va Kaspiy mintaqasida energetika sohasini rivojlantirish boʻyicha uzoq muddatli strategiyamizning tasdigʻidir. SOCAR toʻplangan boy tajriba va ilgʻor texnologik yechimlarni qoʻllagan holda loyihani amalga oshirishga ishtiyoq bilan kirishmoqda. Ishonchimiz komilki, bu hamkorlik Oʻzbekistonning energetika xavfsizligini taʼminlash va infratuzilmasini rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshadi”.
Joʻrabek Mirzamahmudov, Oʻzbekiston Respublikasi energetika vaziri:
“SOCAR bilan hamkorlik Yangi Oʻzbekistonning investitsiya manbalarini diversifikatsiya qilish va eng ilgʻor xalqaro amaliyotlarni tadbiq etishga boʻlgan strategik intilishini aks ettiradi. Ustyurt hududi yuqori istiqbolga ega va mahsulot taqsimoti toʻgʻrisidagi bitim (MTB)ning imzolanishi uning samarali rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. Ushbu loyiha texnologik taraqqiyot va iqtisodiy oʻsishning muhim omili boʻlishiga ishonamiz”.
Bahodirjon Siddiqov, “Oʻzbekneftgaz” AJ Boshqaruvi raisi:
“Ushbu bitim soha hamkorligini chuqurlashtirish va milliy neft-gaz tarmogʻini rivojlantirish yoʻlidagi muhim bosqichdir. Shuningdek, "Oʻzbekneftgaz" AJning xalqaro hamkorlik va yirik investitsiyalarga ochiq boʻlgan ishonchli va innovatsion yoʻnaltirilgan hamkor sifatidagi mavqeini mustahkamlaydi”.


