Eron elchisi bilan uchrashuv o‘tkazildi
2025-07-16 10:10:00 / Yangiliklar
O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Xamrayev Eron Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammadali Iskandariy bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ikki davlat rahbarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli o‘zaro hamkorlik keng qamrovli munosabatlar darajasiga ko‘tarilgani, oliy darajada erishilgan kelishuvlar ijrosini ta’minlash har ikki tomon uchun manfaatli ekanligi ta’kidlandi.
Elchi janoblari Eron kompaniyalarining suv omborlari, to‘g‘onlar, gidroelektr stansiyalari, kanallar qurish tajribasi haqida so‘zlab berdi.
Muloqot chog‘ida suv xo‘jaligi obyektlarini qurish, sohaga doir jihoz va uskunalar, jumladan, suv tejovchi texnologiyalarning uskunalarini yetkazib berish imkoniyatlari borligi, ilmiy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

