Butunjahon Intellektual Mulk Tashkiloti 66-sessiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etdi.
2025-07-09 14:10:00 / Yangiliklar

Sessiyaning 8-iyul kuni ochilish marosimida adliya vaziri A. Tashkulov nutq so‘zlab, O‘zbekistonda intellektual mulk sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar, sohani raqamlashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi tashabbuslar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, BIMT Bosh direktori janob Daren Tangning joriy yil may oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida erishilgan muhim kelishuvlar yuzasidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga alohida to‘xtalib o‘tildi.
Shu kuni Adliya vazirligi delegatsiyasi Yevrosiyo patent tashkiloti (YPT) rahbariyati bilan ikki tomonlama uchrashuv ham o‘tkazdi. Uchrashuvda 2024-yilgi 65-sessiya doirasida imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshirilgan ishlar, hamda rejalashtirilgan loyihalar muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Adliya vaziri A. Tashkulov va YPT prezidenti Grigoriy Ivliyev ikki tomonlama hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, sanoat mulki sohasida tajriba almashish va o‘zaro manfaatli tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
BIMT Bosh assambleyasining 66-sessiyasi doirasida O‘zbekiston delegatsiyasi tomonidan ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi, xususan, davlatlar va intellektual mulk idoralari bilan hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, hamkorlikni kuchaytirishga qaratilgan memorandumlar imzolanishi rejalashtirilgan.


