Jahon banki bilan oliy va professional ta’lim sohasiga doir ikki yangi loyiha ishga tushiriladi
2024-02-14 10:30:00 / Yangiliklar

Uchrashuvda, shuningdek, Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari K. Karimov va vazir o‘rinbosari Sh. Turdikulova hamda boshqa mas’ullar ishtirok etdilar.
Uchrashuvda tomonlar oliy va professional ta’lim tizimida olib borilayotgan islohotlarning samaradorligini oshirish va ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini yanada yaxshilash uchun xorijiy investitsiyalarni jalb qilish masalasini muhokama qildilar. Jahon Banki tomonidan ishlab chiqilgan ikki yangi loyiha – 2025–2029-yillarga mo‘ljallangan “Oliy ta’limni transformatsiyalash: samarali boshqaruv va ta’lim sifatini ta’minlash” hamda 2025–2029-yillarga mo‘ljallangan “Iqtisodiy o‘zgarishlar uchun kasbiy ta’lim” loyihalarini yo‘lga qo‘yilishi yuzasidan olib borilayotgan ishlar bo‘yicha fikr almashildi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi va Jahon Banki hamkorlikda turli sohalarda keng qamrovli loyihalar loyihalar amalga oshirilib kelinmoqda. Xususan, Jahon Bankining Xalqaro rivojlantirish assotsiatsiyasi ishtirokida 2017–2022-yillarda “Oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash” loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Ushbu loyiha doirasida 40 ta OTM 17,6 mln AQSh dollarlik 112 ta o‘quv laboratoriya to‘plamlari va 86 ta OTM 2,3 mln AQSh dollarlik axborot kommunikatsiya texnikalari bilan jihozlandi. Shu bilan birga, loyiha doirasida 2019–2021-yillarda oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari, talabalari va tadqiqotchilari uchun “Elsevier” kompaniyasining elektron bazasidagi 9,08 ming onlayn kitoblar va 704,3 ming onlayn jurnallardan foydalanish imkoniyati yaratildi.Oliy ta’limni boshqarishning axborotlashtirilgan tizimi (“HEMIS”) yaratilib, hozirda, barcha davlat oliy ta’lim muassasalarining ta’lim jarayoniga ushbu tizim joriy etildi.
Shuningdek, 2021–2026-yillarga mo‘ljallangan 50,0 mln dollarlik “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” loyihasi muvaffaqiyatli davom etmoqda.

